“Qashqadaryodagi ayiqni otishga hokim emas, ichki ishlar boʻlimi boshligʻi koʻrsatma bergan” – Tabiat resurslari vazirligi

Maʼlum qilinishicha, 2023 yilning 5 aprel kuni taxminan soat 23:00 larda ayiq Qumdaryoga yaqin joydagi jarlikda hosil boʻlgan gʻor ichiga kirib olgan. Birozdan soʻng bu yerda mahalliy aholi toʻplangan. Mahalliy hokimlik vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan oʻz vaqtida tegishli chora-tadbirlar koʻrilmaganligi bois ayiq bezovtalanib, jarlikdan tepaga chiqishga uringan.
Chiroqchi tumani IIB boshligʻi A. B. atrofga yigʻilgan aholi xavfsizligini taʼminlash maqsadida ovchi D.A. ga ayiqqa oʻq uzishga koʻrsatma bergan. Natijada ayiqning joni uzilgan.
"Toshkent hayvonot bogʻi vakillari hodisa joyiga yetib borganida ayiq nobud boʻlgan edi.
Mazkur holat oʻrganilishi davom etmoqda. Masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan va buning oqibatida qoʻngʻir ayiqning oʻlimiga sabab boʻlgan masʼullarga nisbatan tegishli tartibda intizomiy jazo choralari koʻriladi.
Taʼkidlash joizki, ayiqning terisi shilib olingani haqidagi foto va xabar haqiqatga zid. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratning Chiroqchi tumanidagi voqeaga aloqasi yoʻq. Ayni damda ushbu holat yuzasidan ham oʻrganish ishlari olib borilmoqda", deyiladi xabarda.