Qariyb 40 kg giyohvandlik vositasining tranzitiga chek qoʻyildi — DXX

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Toshkent shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda 2 nafar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi hamda 1 nafardan Tojikiston va Qozogʻiston respublikalari fuqarolari ushlanib, ulardan 12 kg 800 gr. «opiy» va 27 kg 50 gr. «gashish» narkotik moddalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tezkor tadbir davomida mazkur shaxslar DXX xodimlarining qonuniy talablariga boʻysunmasdan, voqea joyidan qochishga urinishgan.
Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekistonga kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan ushbu giyohvandlik vositalari mamlakatimiz hududi orqali boshqa davlatga olib chiqib ketilishi kerak boʻlgan.
Hozirda holat yuzasidan mazkur fuqarolarga nisbatan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.