platina.uz
Jamiyat

Jinsiy zoʻravonlikni sodir etgan jinoyatchi jabrlanuvchining yoshini bilishi ahamiyatlimi?

Amaldagi Jinoyat kodeksida voyaga yetmagan bola bilan agar jinsiy aloqa sodir etilgan boʻlsa, javobgarlikka tortish uchun jabrlanuvchi bolaning yoshi jinoyatchiga ayon boʻlishi shart, degan norma bor. Ayni paytda senatorlar muhokama qilayotgan bugunning dolzarb masalasiga doir qonun loyihasida bu norma oʻzgartirildimi yoki shunday qoldimi?
Jinsiy zoʻravonlikni sodir etgan jinoyatchi jabrlanuvchining yoshini bilishi ahamiyatlimi?

Ayni paytda boʻlib oʻtayotgan Oliy Majlis Senati oʻttiz toʻqqizinchi yalpi majlisida muhokama qilinayotgan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi doirasida muhim savol oʻrtaga tashlandi.

Shuhrat ChOʻLLIYeV,
Sud, huquq masalalari, korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi oʻrinbosari:

"Haqiqatan ham eng katta bahslarga asos boʻlgan mavzulardan biri bu. Jinoyat qonunchiligi ustida ish olib borgan olimlar, amaliyotdagi ayrim tergovchilar, nazariyachilar tomonidan ham jinoyatning subʼektiv holatlarida jinsiy zoʻravonlik qilingan jabrlanuvchining yoshi uni sodir etgan shaxsga ayon boʻlishi kerakligi, buni bilmagan taqdirda sodir etgan boʻlsa, javobgarlikka tortib boʻlmaydi, degan fikrlar ham koʻp boʻldi.

Bunday fikrlarga biz qatʼiy qarshi chiqdik. Ishchi guruh aʼzolari, jamoatchilik hamda nodavlat tashkilotlar vakillari ham bunga qatʼiy qarshi turishdi.

Xalqaro tajribani oʻrganganimizda ham amin boʻldikki, jinoyatchiga jabrlanuvchining yoshi ayon boʻlishi hech kimga kerak emas.
Yaʼni shu qilmishni sodir etgan jinoyatchi jabrlanuvchining yoshini bilish-bilmasligi ikkinchi masala. Bundan qatʼiy nazar baribir javobgarlikka tortishimiz kerak.

Ilgari bunday vaziyatlar tergovchining mahoratiga bogʻlanardi. Biz bolalarimizning taqdiri turgan joyda tergovchining mahoratini sinab nima qilamiz?

Shu bois jinsiy zoʻravonlik holatlarida jabrlanuvchining yoshini jinoyatchi bilishi masalasi Jinoyat kodeksidan qatʼiy olib tashlandi.
Jabrlanuvchi voyaga yetmagan boʻlsa bas, jinoyatchi javobgarlikka tortiladi va u jazosini oladi".

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid