"Fojiaga oid maʼlumotlarni tarqatmang va fuqarolar shaxsiy hayotini muhokama qilmang"

Bosh prokuratura xabar berishicha, Sergeli tumanida ayol kishi uch nafar farzandini oʻldirib, soʻng oʻz joniga qasd qilganligi holati yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hozirgi kunda sodir boʻlgan voqea bilan bogʻliq holatlar yuzasidan turli ijtimoiy tarmoqlarda surishtiruvlar oʻtkazilib, vafot etgan shaxs hamda uning yaqin qarindoshlarining shaxsiy hayoti, shaʼniga doir maʼlumotlar har xil talqin qilingan holda ommaviy axborot vositalarida tarqatib kelinmoqda.
Tarqatilayotgan ushbu maʼlumotlar tergovning obʼektiv va xolisona olib borilishiga xalaqit qilmoqda.
"Jinoyat-protsessual kodeksi talablaridan kelib chiqib, tergov harakatlari olib borilayotgan vaqtda shaxsga doir maʼlumotlarni tarqatish va tergovga aralashish qonun bilan taqiqlanishini eslatib oʻtamiz.
Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, tergov tugaguniga qadar ijtimoiy tarmoqlarda ushbu fojiaga oid maʼlumotlarni tarqatmaslik va fuqarolar shaxsiy hayotini muhokama qilmaslikka chaqiramiz.
Tergov natijasi haqida qoʻshimcha ravishda maʼlum qilinadi", deyiladi xabarda.