“Endi voyaga yetmaganlar bilan jinsiy aloqa qilish uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etiladigan ogʻir jinoyat hisoblanadi” – Saida Mirziyoyeva

Senatda bolalar va ayollar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasini maʼqullagani haqida Saida Mirziyoyeva munosabat bildirdi.
"Bugun Senat bolalar va ayollar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasini maʼqulladi. Kurash hamma uchun juda qiyin kechdi.
Prezident imzolagach, Jinoyat va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarga kiritilayotgan ushbu oʻzgartirishlar kuchga kirsa, biz nihoyat tajovuzkorlarni javobgarlikka tortish orqali ayollarni oiladagi zoʻravonlikdan himoya qila olamiz.
Endilikda voyaga yetmagan shaxs bilan aloqa jamoat xavfi boʻlmagan jinoyatlar toifasidan ogʻir jinoyat qatoriga oʻtdi.
Biz voyaga yetmaganlar bilan jinsiy aloqa qilgan va qamoqdan qutulib qolmoqchi boʻlganlar uchun boʻshliqlarni yopamiz. Endi bu qilmish uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi. Bu esa davlat har qanday zoʻravonlikka qarshi qatʼiy kurashayotgani haqida jinoyatchilarga yaqqol ishora!
Qonun bilan bogʻliq jarayonlarga aloqador boʻlgan va bizni qoʻllab-quvvatlagan barchaga minnatdorchilik bildiraman. Bu oʻzgarishlar uchun harakatlar juda uzoq vaqtdan beri davom etmoqda hamda bu qiyin va uzoq yoʻlning hali boshlanishi.
Biz ijtimoiy meʼyorlarni, jamiyat sifatida oʻzimizni oʻzgartiramiz. Davlatning ijtimoiy xavfsizligini taʼminlash uchun hammasiz eng zaif qatlamlarni himoya qilishimiz shart".




