“2020 yilda 156 ta, 2021 yilda 243 ta nomusga tegish jinoyati sodir etilgan” – Senat raisi

Yalpi majlis kun tartibiga 13 masala kiritilgan boʻlib, shundan 8 tasi qonunlardir. “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi shular jumlasidan.
“2021-2022 yillarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ayollar va qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlari yuzasidan 72 000 dan ziyod murojaat kelib tushgan. Ularning 61 mingdan koʻpi yoki qariyb 85 foizi oilada sodir boʻlgan. Biroq afsuski, shu kungacha Oʻzbekistonda oiladagi zoʻravonlik boʻyicha javobgarlikka tortuvchi alohida norma boʻlmagan. Xotin-qizlar va bolalarga nisbatan yon-atrofimizda boʻlayotgan mudhish va jirkanch holatlarni olaylik. 2020 yilda 156 ta, 2021 yilda 243 ta nomusga tegish jinoyati sodir etilgan. Yangihayot tumanida 12 yoshli qizning zoʻrlanishi va oʻldirilishi, Xorazmdagi bolalar uyi voqeasi (kuni kecha boʻlgan), Sergeli tumanida ona 3 nafar farzandi bilan birga yuqori qavatdan tashlab oʻz joniga qasd qilgan... Yana davom ettirish mumkin.
Lekin xulosa qilish mumkinki, jamiyatimizda ayollar va bolalar huquqlarini shionchli himoya qilishga qodir boʻlgan hamda voyaga yetmagan bolalarga nisbatan zoʻravonldik holatlariga qarshi turadigan yanada mustahkam va qatʼiy qonunlarga ehtiyoj bor“ – dedi Senat raisi Tanzilla Narbayeva qonun loyihasi muhokamasida.