Taniqli jurnalist Sohibjon Alijonov 55 yoshida yurak xurujidan vafot etdi

Sohibjon Alijonov 2015-2017 yillarda Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi (OʻzMTRK)ning “Mahalla” telekanali direktori, 2017-2019 yillar davomida “Toshkent” telekanali va “Oʻzbekiston 24” telekanali DUKda masʼul lavozimlarda faoliyat yuritgan. 2019 yildan hozirgi kunga qadar Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi axborot tahlil-multimedia markazi davlat muassasasining direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.
“Sohibjon Alijonov oʻziga yuklatilgan har qanday vazifani bajarishda bilimi va tajribasi bilan alohida ajralib turadigan, vaziyatni toʻgʻri baholay oladigan hamda masʼuliyatni chuqur his etadigan tashabbuskor rahbar xodim sifatida hamkasblariga namuna edi”, deb yozadi OʻzMTRK raisi Alisher Xoʻjayev.
Soʻnggi vaqtlarda qabul qilinayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yangi farmon va qarorlari, qonun hujjatlari va huquqiy normativ hujjatlarga efir orqali batafsil sharh berish bilan bir qatorda ularning mazmun-mohiyatini tomoshabinga sodda hamda tushunarli qilib yetkazishda faollik koʻrsatib kelayotgan edi.
Oʻz faoliyati davomida juda koʻplab tanlovlar gʻolibi boʻlgan Sohibjon Alijonov 2020 yilda “Doʻstlik” ordeni va bir qator koʻkrak nishonlari bilan taqdirlangan.
Platina.uz jamoasi marhumning oila aʼzolari hamda yaqinlariga hamdardlik bildiradi.
