Endi qurilishlarga seysmik faollik va koʻp yogʻingarchilikka qarshi talab qattiq boʻladi

Bugungi kunda yangi uy-joylar oʻzimizda ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallaridan qurilmoqda.
“Lekin, qurilishlarning sifatiga taʼsir qiluvchi temir-beton ishlab chiqaruvchi 3 mingga yaqin korxonaning yarmida laboratoriya yoʻq. Oʻtgan yili uy-joy qurilishida temir-beton, devor konstruksiyalari va payvandlash ishlari sifatsizligi boʻyicha 1 mingdan ortiq holat aniqlangan, – dedi Prezident.
Shu bois, mutasaddilarga barcha temir-beton korxonalarida zamonaviy laboratoriyalar tashkil qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.
Soʻnggi oylarda dunyoda ham, mintaqamizda ham seysmik faollik kuzatilayapti. Shu bois, 1 maydan boshlab:
- qurilish boshlanishidan oldin tanlangan yer uchastkalarida muhandislik-geologik ekspertiza oʻtkazish majburiy boʻladi;
- koʻprik, tonnel, koʻp qavatli binolar kabi seysmik xavfsizlik talablari yuqori boʻlgan bino-inshootlarni qurish faqat Qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingida “A” va “B” toifaga ega boʻlgan korxonalar tomonidan amalga oshiriladi.
Yana Prezident yogʻingarchilik shaharlarning drenaj tizimi yomon ahvolga kelib qolganini yaqqol koʻrsatayotgani taʼkidladi. Shu bois Qurilish vazirligi va Toshkent shahri hokimligiga ikki hafta muddatda ushbu masalaning yechimi boʻyicha dastur qabul qilish va amalga oshirish topshirildi.




