platina.uz
Jamiyat

Endi huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslar ragʻbatlantiriladi – Prezident qarori

Isteʼmolchilar huquqlari himoya qilinishini taʼminlash, sertifikatlanmagan, saqlash muddati oʻtib ketgan, kontrafakt va isteʼmolga yaroqsiz tovarlarni ishlab chiqarish holatlari hamda ularning aylanmasiga chek qoʻyishda jamoatchilik nazorati kuchaytirilib, huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslar ragʻbatlantiriladi.
Endi huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslar ragʻbatlantiriladi – Prezident qarori

“Aholini sifatli isteʼmol tovarlari bilan taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra:

isteʼmolchilar hayoti yoki sogʻligʻi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan mahsulotlarning noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq qilmish uchun javobgarlik kuchaytiriladi;

etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarining noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq qilmish uchun javobgarlik ijtimoiy xavflilik darajasidan kelib chiqib oʻrnatiladi;

sanitariya qonunchiligi va veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalarini buzganlik uchun belgilangan maʼmuriy javobgarlik kuchaytiriladi;

oʻzganing tovar belgisidan, xizmat koʻrsatish belgisidan, geografik koʻrsatkichidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan, adashtirib yuborish darajasida ular bilan oʻxshash boʻlgan belgidan yoki firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi;

belgilangan talablar va shartlarning qoʻpol ravishda buzilishi oqibatida litsenziyasi bekor qilingan yoki xabardor qilish tartibida faoliyatni (harakatlarni) amalga oshirishi tugatilgan tadbirkorlarga quyidagi roʻyxatda keltirilgan faoliyat turlari bilan shugʻullanishiga cheklovlar belgilanadi.

Mazkur masalalar yuzasidan tegishli qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Qarorga muvofiq, isteʼmolchilar huquqlari himoya qilinishini taʼminlash, sertifikatlanmagan, saqlash muddati oʻtib ketgan, kontrafakt va isteʼmolga yaroqsiz tovarlarni ishlab chiqarish holatlari hamda ularning aylanmasiga chek qoʻyishda jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi. Jumladan:

murojaatlar yagona axborot tizimi orqali qabul qilinadi va ular vakolatli organlar tomonidan qisqa muddatlarda koʻrib chiqiladi;

huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslar ragʻbatlantiriladi.

2023 yil 1 iyuldan koʻpiklanadigan va tabiiy vino mahsulotlari aksiz markalari bilan markalanmaydi.

2023 yil 1 avgustdan alkogol mahsulotlarining tovar belgilari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning mavjudligi alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish uchun litsenziya talabi hisoblanadi.

2023 yil 1 sentabrdan tamaki mahsulotining ulgurji va chakana savdosi, pivo mahsulotining ulgurji savdosi xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid