9 ta viloyat hokimlarining qurilish uchun masʼullariga hayfsan berildi

Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida uy-joy qurilishi va 2023 yil uchun ipoteka dasturini amalga oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.
Yigʻilishda soʻnggi olti yilda mamlakatimiz aholisi 5,5 million nafarga oʻsgani, hademay 40 millionga yetishi qayd etilib, 2017 yildan buyon 326 mingta yangi uy-joy foydalanishga topshirilgani taʼkidlandi.
Maʼlum qilinishicha, bu davrda uy-joy bilan taʼminlanganlik darajasi aholi jon boshiga 18 foizga oshdi.
Oxirgi uch yilda ajratilgan ipoteka kreditlari va ehtiyojmand oilalarga toʻlab berilgan boshlangʻich badal va foiz toʻlovlari uchun berilgan subsidiyalar sarhisob qilingan yigʻilishda 2022 yilda boshlangan 31 ta “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini qurish dasturi ham tahlil qilindi.
Bu boradagi ishlar Andijon va Xorazmda yaxshi ketayotgani taʼkidlanib, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Sirdaryodagi massivlarda hokimlarning eʼtiborsizligi oqibatida birorta uy foydalanishga topshirilmagani qattiq tanqid qilindi.
“Yangi Oʻzbekiston” massivlari boʻyicha Fargʻonada 80 ta, Samarqandda 36 ta, Toshkent viloyatida 15 ta, Namanganda 14 ta uyni foydalanishga topshirish choʻzilib ketayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Shu munosabat bilan Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Fargʻona va Toshkent viloyati hokimlarining qurilish boʻyicha oʻrinbosarlari, Markaziy bankning viloyat boʻlinmalari rahbarlariga hayfsan eʼlon qilindi va vaziyatni oʻzgartirish uchun bir oy muhlat berildi.
Umuman, 2023 yilda yangi uy-joy qurish hajmini 1,5 baravarga oshirib, 90 mingtaga yetkazish vazifasi qoʻyildi.