platina.uz
Jamiyat

Narxi oshayotgan “ovoz”lar: “Open Budget” gʻolibligi uchun “kimoʻzar” haqida

Uch yildan buyon oʻtkazib kelinayotgan “Tashabbusli byudjet” loyihasi yillar davomida hududlarda aholini qiynab kelgan u yoki bu masalaning yechimi uchun “tepadagi”larning qosh-qovogʻiga qarashga chek qoʻydi. Oʻtgan yillarga qaraganda bu yil mazkur loyihaga kiritilgan takliflar koʻp, gʻoliblikka daʼvogarlar ham. Bu esa oʻz-oʻzidan raqobatni yuzaga keltirmoqda. Narxi oshayotgan “ovoz”lar, “Open Budget” gʻolibligi uchun “kimoʻzar”larga ana shu raqobat sababmi yoki?

Uch yildan buyon oʻtkazib kelinayotgan “Tashabbusli byudjet” loyihasi yillar davomida hududlarda aholini qiynab kelgan u yoki bu masalaning yechimi uchun “tepadagi”larning qosh-qovogʻiga qarashga chek qoʻydi. Aholida ham tashabbuskorlik, oʻz hududi uchun fidoyilik koʻrsatish yanada shakllandi. Oʻtgan yillarga qaraganda bu yil mazkur loyihaga kiritilgan takliflar koʻp, gʻoliblikka daʼvogarlar ham. Sababi odamlar allaqachon bu loyihaning “mazasini totdi”, “issiq-sovugʻini” his qildi. Yaʼni aholining asosiy qismi bu loyiha koʻpgina masalalarga yechim topish imkoni ekanligini angladi. Bu esa oʻzi oʻzidan raqobatni yuzaga keltirmoqda. Aholi esa oʻz hududiga oid taklif gʻolib boʻlishi uchun bor imkonini ishga solyapti. Bugun koʻcha-koʻyda, gavjum joylarda 10-15 ming soʻmgacha pul yoki turli turli xil energetik va gazli ichimliklarni taklif qilib, bitta ovoz berishni soʻrayotganlarga koʻzi tushmagan odam boʻlmasa kerak. Ayniqsa bu jarayonda respublikamizning turli viloyatlaridan poytaxtga kelib ovoz yigʻayotgan yurtdoshlarimiz ancha faol.
Jamoatchilikning bunday yondashuvini kimdir qoralasa, baʼzilar qoʻllab-quvvatlamoqda. Yaʼniki, odamlarimizning faolligi, jamoatchilik tashabbuslari kimnidir quvontirmoqda, baʼzilar esa buni tizimning noxolisligiga yoʻymoqda. Mutaxassis bu holatga izoh berarkan, jarayonda fuqarolarning regional huquqlari cheklanmagan, dedi.
Ammo loyiha jarayonida kishini ranjitadigan, uning xolisligiga soya solayotgan holatlar ham kuzatildiki, bunga befarq qarab boʻlmaydi. Avvaliga oʻqituvchi va shifokorlarni majburiy ovoz berishga majburlangan holatlari kuzatilgan boʻlsa, oʻquvchilarni ham ovoz berishga jalb qilgan maktab direktori qilmishi shular jumlasidan. Barcha masʼullar bunga qarshi chiqdi va bu loyihaning xolisligiga, adolatliliga soya soluvchi bunday harakatlarni qoralashdi.
Oliy Majlis Senati ham alohida murojaat bilan chiqdi va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bu kabi holatlar Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish komissiyasi tomonidan atroflicha oʻrganilayotganini, natijalari boʻyicha qoʻshimcha ravishda maʼlumot berishini bildirdi.
Xulosa oʻrnida qayd etmoqchimizki: tashabbuskorlik xolis va adolatli boʻlsin! Gʻoliblikka shunday erishaylikki, six ham, kabob ham kuymasin!

Abbos IMOMOV

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid