Mart oyida 21,9 mlrd soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan – "Oʻzenergoinspeksiya"

Joriy yilning mart oyida Energetika vazirligi huzuridagi "Oʻzenergoinspeksiya" va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida 510 ta holatda 46,2 mln kVt⋅soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Buning natijasida tizimga 21,9 mlrd soʻm zarar yetkazilganligi maʼlum boʻldi. Ushbu hajmdagi elektr energiyasi oʻrtacha 231 mingta xonadonning bir oylik isteʼmolini tashkil qiladi.
Noqonuniy foydalanish holatlarining eng koʻpi Fargʻona, Namangan, Jizzax va Samarqand viloyatlari hissasiga toʻgʻri keladi.
Misol uchun, Namangan viloyatidagi “M. S. S.” MChJga qarashli metal mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi sexda 1,6 mlrd soʻm, Samarqand viloyatidagi “M. K.” MChJda 898 mln soʻm, Fargʻona viloyatidagi “D. K.” MChJda 349 mln soʻm miqdorida qayta hisoblash ishlari amalga oshirildi.
Qoidabuzar isteʼmolchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar koʻrilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.
Hududlarda nazorat tadbirlari davom etmoqda.
