Marhumaning turmush oʻrtogʻi hozirda "Umra" ziyoratida boʻlgan – Bosh prokuratura

Avvalroq Sergelida oʻzi va 3 nafar bolasini 9-qavatdan tashlab yuborgan ayol haqida maʼlumot bergandik.
Bosh prokuratura aniqlashicha, voqea 3 aprel kuni soat 19.20 larda Sergeli tumani 8-mavzedagi koʻp qavatli uyida yashab kelgan ayol (1996 y.t.) ikki nafar oʻgʻli va bir nafar qizini qasddan oʻldirish maqsadida, 9-qavatdan birin ketin derazadan tashlab yuborib, soʻngra oʻzi ham oynadan sakrab oʻz joniga qasd qilgan.
Oqibatda barchasi hodisa joyida vafot etishgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97 (Qasddan odam oʻldirish) va 103 (Oʻzini oʻzi oʻldirish darajasiga yetkazish) moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Olingan maʼlumotlarga koʻra, marhuma ayol Toshkent viloyati Zangiota tumanida turmush oʻrtogʻi bilan istiqomat qilgan xonadonda 2022 yil oktabr oyida yongʻin sodir boʻlganligi sababli 3 nafar farzandlari bilan birga onasining Seregeli 8-mavzesidagi uyiga kelib, ular bilan birga istiqomat qilib kelgan hamda ushbu holatlar uning ruhiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatgan.
Shuningdek, marhumaning turmush oʻrtogʻi hozirda "Umra" ziyorati maqsadida Saudiya Arabistonda ekanligi aniqlangan.
Tergov guruhi tomonidan ushbu fojeaning barcha ehtimoliy sabablarini sinchikovlik bilan tekshirish maqsadida qator tergov taxminlari ishlab chiqilgan.
Xususan, oilaviy kelishmovchilik, marhumada kuzatilgan ruhiy oʻzgarishlarga olib kelgan sabablar, oʻz-oʻzini oʻldirish darajasiga keltirish va boshqa taxminlarning barchasi dastlabki tergov jarayonida batafsil tekshiriladi.




