731,6 mln soʻmlik davlat xaridi bekor qilindi – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan oʻtkazilgan monitoring natijasida Urganch shahar Ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internati buyurtmachiligida issiq ovqat bilan taʼminlash boʻyicha autsorsing xizmati uchun 2023 yil 29 mart kuni oʻtkazilgan 731,6 mln soʻmlik davlat xaridida bir qator qonunbuzilishlarga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.
Bunda, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 10-moddasi (raqobat va xolislik prinsipi), 14-moddasi (manfaatlar toʻqnashuvi), 19-moddasi (davlat buyurtmachilari), 23-moddasi ( xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi), 42-moddasi (ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish shartlari) va 46-moddasi (davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) talablariga rioya etilmagan.
Jumladan, davlat xaridida ishtirok etgan 2 ta MChJning rahbari va taʼsischisi bir kishi ekanligi yaqqol koʻrinib turgan boʻlsada, mavjud affillanganlik holatlariga baho berilmagan va nohalol raqobatni keltirib chiqarganligi oʻrganilmagan hamda holat boʻyicha tanlovni oʻtkazishni vaqtinchalik bekor qilish choralari koʻrilmagan.
Shuningdek, xarid komissiyasi raisi, aʼzolari (ovoz berib baholash vakolatiga ega) va komissiya kotibi tomonidan oʻrtacha 2023 yil 29 mart kuni soat 17:37 dan 17:41 gacha, yaʼni oʻrtacha 5 minut vaqt ichida IP-manzili bir shaxsga tegishli boʻlgan kompyuter orqali xarid natijalari baholanib, bayonnoma rasmiylashtirilgan hamda ishtirok etgan va gʻolib deb topilgan tadbirkorlarning hujjatlari, maʼlumotlari qonunga zid ravishda buyurtmachi foydalangan kompyuter orqali elektron platformaga yuklanganligi maʼlum boʻldi.
Mazkur holatlar boʻyicha xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish toʻgʻrisida Agentlik tomonidan 2023 yil 30 mart kuni buyurtmachiga taqdimnoma kiritildi.
Urganch shahar Ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internati tomonidan 2023 yil 31 mart kuni Agentlikka taqdim etilgan xatga koʻra, Agentlikning taqdimnomasida qayd etilgan kamchiliklar bartaraf etilib, xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilingan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq bir oyda davlat xaridlariga oid jami 25 mlrd soʻmlik qonunbuzilish holatlari aniqlangani haqida xabar bergandik.
