Attraksionlardagi noxush holatlar: bu nazoratdagi sansalorlik oqibatimi yoki?

Mutaxassis fikridan xulosa shuki, nazorat uchun masʼullarga imkoniyat toʻlaqonli emas, yaʼni boʻshliqlar bor. Shuningdek, tadbirkorlik niqobi ostida attraksion talablariga toʻla rioya qilmasdan faoliyat koʻrsatayotganlarning “dumini bosib qoʻyish” mumkin emas! Yaʼni nazorat qiluvchi organlar ularning tadbirkorlik faoliyatiga aralashishi taqiqlangan. Ammo tadbirkorlar oʻz majburiyatini bajarmasligi, masʼuliyatini his qilmasligi, mavsumga tayyorgarlik uchun texnik koʻriklar oʻtkazilishini tegishli organ orqali taʼminlamasligi Buxoro va Fargʻonada kuzatilgani kabi noxush holatlarga sabab boʻlmoqda. Oʻylaymizki, bu boradagi tartib-taomildagi boʻshliqlarga eʼtibor qaratiladi. Axir gap inson hayoti va uning salomatligi haqida ketyapti. Mutaxassis taʼkidlagani kabi masalalarda esa Biznes Ombudsman ham tezroq munosabat bildiradi, degan umiddamiz.
Yana bir gap: mutaxassis tavsiyasiga koʻra, foydalanuvchilar ham istirohat bogʻlaridagi attraksionda uchishdan oldin xizmat koʻrsatuvchilardan belgilangan tartibda mavsumga ruxsat berilganligi, tekshiruv oʻtkazilganligi haqidagi maʼlumotlar bilan tanishtirishni talab qilishga haqli. Agar foydalanuvchilar ham oʻzlarining ana shu huquqlaridan foydalanishsa, bu ham tadbirkorlarning oʻzi ishiga masʼuliyatli boʻlishga undaydi.