Xorazmda adliya va FVV mansabdorlari voyaga yetmaganlarni zoʻrlab kelgan

Xorazmdagi oilaviy mehribonlik uyi rahbari 3 nafar voyaga yetmagan tarbiyalanuvchi qizni 10 oy davomida viloyat adliya boshqarmasi va tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi bilan jinsiy aloqada boʻlishga majburlagani aytilmoqda.
Maʼlum qilinishicha, Xorazm viloyatida joylashgan Mehribonlik uyi mudirasi va ikki idora boshliqlariga nisbatan qoʻzgʻatilgan ishni koʻrib chiqqan sud majlisi 2022 yil sentabr oyida boʻlib oʻtgan.
Holat yuzasidan Adliya vazirligi matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Munosabatda Adliya vazirligi tizimida ishlayotgan xodimlarning, xususan, rahbarlarning davlat xizmatchisi obroʻsiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan har qanday xatti-harakat sodir etishdan tiyilishi, ularni jamiyat oʻrnatilgan axloq normalariga rioya qilishi yuzasidan muntazam choralar koʻrib borilishi maʼlum qilingan. Shu bilan birga, koʻp ming sonli xodimlarning har birini ishdan tashqari vaqtda odob-ahloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish imkoniyati cheklangani qayd etildi.
"Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarda qayd etilgan vazirlik hududiy boshqarmasi rahbarining na qonunlarga, na axloq va qadriyatlarga mos kelmaydigan harakatlari bizni chuqur larzaga soldi. Ushbu jinoiy harakat haqidagi bizga maʼlum boʻlgan vaqtidayoq u lavozimidan ozod etilgan. Unga nisbatan tegishli sud hukmi chiqarilib, jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Qonunchilikka koʻra sudlar oʻz faoliyatini davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda olib boradi, oʻz hukm-qarorlarini mustaqil ravishda chiqaradi. Shu sababli Adliya vazirligi sobiq xodimga nisbatan sud hukmini sharhlash vakolatiga ega emas.
Taʼkidlash joizki, yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ayollar hamda voyaga yetmaganlarni zoʻravonlikdan himoya qilishga qaratilgan oʻzgartirishlar toʻplami, keng jamoatchilik vakillari bilan bamaslahat, maromiga yetkazilgan holda qabul qilindi.
Ushbu oʻzgartirishlarga asosan, jinsiy jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlik yanada kuchaytirilmoqda, mazkur shaxslar uchun jazo tayinlashni yengillashtiruvchi holatlar, shu jumladan, jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilishni qoʻllash taqiqlanmoqda. Mazkur qonun hozirda Senatda koʻrib chiqish uchun tayyorlanmoqda.
Adliya vazirligi jamiyatda xotin-qizlar, xususan, voyaga yetmagan va imkoniyati cheklanganlarni huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan barcha faollar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini maʼlum qiladi", - deyiladi munosabatda.
Shuningdek, Komil Allamjonov pedofillarga nisbatan kimyoviy kastratsiya jazosini qoʻllash yuzasidan qonunchilikka oʻzgartirish kiritishni taklif qilmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, Xorazm viloyati adliya boshqarmasi boshligʻi esa mehribonlik uyidagi qizlarni jinsiy zoʻrlab kelgani uchun 1,5 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Aybdorlarga 2022 yil sentabrda Jinoyat kodeksining 4 ta moddasi boʻyicha hukm chiqarilgan:
- 128-modda. Oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish;
- 128-1-modda. Oʻn olti yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish;
- 167-modda. Oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish;
- 209-modda. Mansab soxtakorligi.
Jabrlangan qizlar apellyatsiya berishgan. Ammo odil sudlovimiz dekabrda yuqoridagi qarorni oʻzgartirmagan.
Hali bu borada Favqulodda vaziyatlar vazirligi biror munosabat bildirgani yoʻq.