platina.uz
Jamiyat

Oʻzbekistonda birinchi smart sanitar-gigiyenik shoxobcha ishga tushirildi

Ushbu shoxobcha erkaklar, ayollar hamda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moʻljallangan hojatxonalar, yuvinish xonasi hamda xodimlar uchun moʻljallangan xonani oʻz ichiga olgan.
Oʻzbekistonda birinchi smart sanitar-gigiyenik shoxobcha ishga tushirildi

“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 yanvardagi “Turizm tarmogʻini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori hamda 2019 yil 13 avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Madaniyat va turizm vazirligining tashabbusi bilan tadbirkorlik subʼektlariga zamonaviy sanitar-gigiyenik shoxobchalarni qurish uchun 80 – 100 kvadrat metr oʻlchamda yer maydonlarini elektron auksionga qoʻymasdan olish imkoniyati yaratilgandi, – deydi Madaniyat va turizm vazirligi boʻlim boshligʻi Muhayyo Hayitova. – Mazkur imtiyoz natijasida respublika boʻyicha 150 nafardan ortiq tadbirkorlik subʼektlariga zamonaviy sanitar-gigiyenik shoxobchalar qurish uchun tegishli yer maydonlari ajratildi. Shu jumalan, Toshkent shahar hokimligining tegishli qarori bilan Toshkent shahri, Mirobod tumani, Lokomativ koʻchasi, 4-uy, 5-xonadon yonidagi boʻsh turgan yer maydoni tadbirkor fuqaro Kamoliddin Danaboyevga zamonaviy sanitar-gigiyenik shoxobcha qurish uchun berildi".

Taʼkidlash joizki, mazkur shoxobchaning boshqa shu singari shoxobchalardan asosiy afzalligi uning avtomat rejimda ishlashi va eng zamonaviy sanitar-gigiyenik moslamalar bilan jihozlanganligidir. Qolaversa, unda jismoniy imkoniyati cheklangan, nogironligi boʻlgan shaxslar, yosh bolali ota-onalar qulay foydalanishlari uchun ham imkoniyatlar yaratilgan.

“Madaniyat va turizm vazirligi, Toshkent shahar hokimligi yordamida zamonaviy, hamma talabga javob beradigan shoxobchani qurib bitkazdik, — dedi tadbirkor Kamoliddin Danaboyev. – Shoxobchani qurishda Xitoy, Belarus, Rossiya kabi xorijiy davlatlardan keltirilgan zamonaviy texnika vositalaridan foydalandik. Aholining har bir qatlami uchun qulaylik yaratishga harakat qildik. Shoxobchamiz avtomatlashtirilgan rejimda ishlaydi. Har bir jarayon uchun alohida vaqt belgilangan. Agar, masalan, hojatxonaga kirgan fuqaroning salomatligida biror muammo yuzaga kelsa yoki boshqa sabab bilan uzoq qolib ketsa, signal chalinadi va ogohlantiriladi. Shuningdek, ayollar hojatxonasida alohida avtomatik tarzda ishlaydigan savdo burchagi tashkil etilgan. Bunda ayollar farzandlari uchun pampers va shunga oʻxshash narsalarni xarid qilishlari mumkin. Shoxobchamiz kunu tun ishlaydi”.

“Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moʻljallangan hojatxona juda qulay. Negaki ichi juda keng, aravachada bemalol harakatlanish mumkin. Bundan tashqari, favqulotda vaziyatlar uchun moʻljallangan SOS tugmasi bor, yaʼni nogironligi boʻlgan shaxs agar salomatligida biror muammo yuzaga kelsa, shu tugmachani bosib, yordam chaqirishi mumkin. Umuman olganda, har bir detalga alohida eʼtibor qaratilgan. Bunday sanitar-gigiyenik shoxobchalarni yanada koʻpaytirish lozim”, — dedi Oʻzbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov.

Maʼlumot uchun, 2017 yilda jami 200 ta sanitar-gigiyenik shoxobcha faoliyat yuritgan boʻlsa, 2022 yilga kelib ularning soni 7,5 mingdan oshdi. Shulardan 3,9 mingtasi yangi qurilgan, 3,6 mingtasi qayta taʼmirlanib, foydalanishga topshirilgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid