platina.uz
Jamiyat

Oliy sud: Xorazmdagi jinoiy ish boʻyicha kassatsiya tartibida protest yoki shikoyat kelib tushmagan

"Ushbu jinoyat ishi Oliy sud jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida kassatsiya tartibida koʻrilgandagina sud qarorining qonuniyligi, adolatliligi va asosliligiga huquqiy baho berilishi maʼlum qilinadi", demoqda Oliy sud.
Oliy sud: Xorazmdagi jinoiy ish boʻyicha kassatsiya tartibida protest yoki shikoyat kelib tushmagan

Avvalroq Xorazmda adliya va FVV mansabdorlari voyaga yetmagan qizlarni zoʻrlab kelgani haqida xabar bergandik.

Oliy sud mazkur holat boʻyicha sud ishi tafsilotlarini batafsil maʼlum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlayotgan Xorazm viloyatidagi holat bilan bogʻliq jinoyat ishi jinoyat ishlari boʻyicha Xiva tuman sudining 2022 yil 6 sentabrida koʻrilgan. Hukmga koʻra:

  • Yu. X. (1979 yilda Urganch shahrida tugʻilgan, Xorazm viloyati Xalq taʼlim boshqarmasiga qarashli Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi rahbari boʻlgan) Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 3-qismi “a” bandi, 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) 2-qismi “g” bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, 1 yilga muayyan huquqdan, yaʼni davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot, muassasalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bogʻliq vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan;
  • A. M. (1979 yilda Nukus shahrida tugʻilgan, Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlagan) va A. Q. (1984 yilda Yangiariq tumanida tugʻilgan, Yangiariq tumani Favqulotda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 128-moddasi (oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va Jinoyat kodeksining eski tahrirdagi 128-1-moddasi (oʻn olti yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 1 yil 6 oydan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

A. M. va A. Q. ning himoyachisi hamda Yu. X. tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyatlariga asosan ushbu jinoyat ishi apellyatsiya tartibida koʻrib chiqilib, Xorazm viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining 2022 yil 27 dekabrdagi ajrimiga koʻra jinoyat ishlari boʻyicha Xiva tuman sudining 2022 yil 6 sentabrdagi hukmi bilan sudlanuvchilarga nisbatan tayinlangan jazo oʻzgarishsiz qoldirilgan.

Taraflarga apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimi ustidan Oliy sudning jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga kassatsiya tartibida shikoyat qilishi, prokuror protest keltirishi mumkinligi tushuntirilgan boʻlib, hozirgi kunga Oliy sudga kassatsiya tartibida protest yoki shikoyat kelib tushmagan.

Ushbu jinoyat ishi Oliy sud jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida kassatsiya tartibida koʻrilgandagina yuqoridagi sud qarorining qonuniyligi, adolatliligi va asosliligiga huquqiy baho berilishi maʼlum qilinadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid