“Prava”sini vaqtida almashtirmaganlar jarima toʻlaydimi?

2010 yilgacha olingan haydovchilik guvohnomalarini almashtirish muddati tugab bormoqda. Tarmoqlarda “31 mart kuniga qadar haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirishga ulgurmagan fuqarolar jarima toʻlaydimi?” mazmunidagi savollar koʻpaydi. Ichki ishlar vazirligi oydinlik kiritdi.
Qayd etilishicha, 1 apreldan boshlab 2010 yilgacha berilgan haydovchilik guvohnomalari haqiqiy hisoblanmaydi va ular bilan avtomobil boshqarib boʻlmaydi. Haydovchilik guvohnomasini almashtirish muddatlaridan keyin murojaat qilganda maʼmuriy jazo qoʻllanilmaydi. Faqat avtomobilni boshqarish huquqi berilmaydi. Yaʼni muddati oʻtgan yoki belgilangan muddatlarda almashtirilmagan haydovchilik guvohnomasi bilan avtomobil boshqargan shaxsga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 135-moddasi bilan hujjatsiz boshqarish sifatida maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtiriladi.
Alohida taʼkidlash kerakki, 2023 yil 1 apreldan keyin ham 2010 yilgacha olingan haydovchilik guvohnomalarini hech qanday jarima toʻlovlarisiz almashtirish davom ettiriladi.
Eslatib oʻtamiz, Adliya vazirligi eski haydovchilik guvohnomalarini almashtirish muddatiga kam vaqt qolganini eslatgani haqida xabar bergandik. Shuningdek, "Prava"ngizni almashtirishingiz uchun yana bir qulaylik yaratilgani borasida maʼlum qilgandik.