platina.uz
Jamiyat

Oʻzbekistonda bu yil piyoz hosili qanday boʻladi?

Mutaxassislar fikricha, 2023 yilning yanvaridagi sovuqlar “avgust piyozi” barglarini butunlay nobud qilgan. Joriy bahorda ertagi piyoz hosilining yigʻim-terimi boshlanishi kechikkan.
Oʻzbekistonda bu yil piyoz hosili qanday boʻladi?

Bir necha kun avval Surxondaryo viloyati fermerlari ertagi qishki piyoz hosilini yigʻib olishga kirishishdi. Mutaxassislarning qayd etishicha, ushbu mahsulotning bir necha tonnalik dastlabki kichik partiyalari mazkur viloyat va qoʻshni viloyatlar bozorlariga joʻnatilmoqda.

Mamlakatning ulgurji bozorlariga ushbu mahsulotning yirik partiyalari qachon kirib keladi va piyozining yangi hosili eksporti qachon boshlanadi?

“VESAGRO” MChJ konsalting kompaniyasi rahbari Oʻrmonali Usmonovning fikriga koʻra, yangi hosil piyozining yirik partiyalarini taxminan bir hafta yoki oʻn kun ichida shakllantirish mumkin boʻladi. Biroq, hozircha yangi hosil piyozining pishib yetilish darajasi bu mahsulotni uzoq masofalarga tashishga imkon bermaydi. Ekspertning qayd etishicha, eksportga yaroqli pishib yetilish darajasiga ega yangi hosil piyozining yirik partiyalari ichki bozorga joriy yilning aprel oyi oʻrtalarida yoki undan keyin chiqadi.

“Surxondaryo viloyatining uch tumani (Jarqoʻrgʻon, Qumqoʻrgʻon va Sherobod tumanlari) fermerlari ertagi qishki piyoz (avgust piyozi) hosilini yigʻib olishga kirishishdi. Ulgurji yirik partiyalar ichki bozorda hali mavjud emas va bu mahsulotning kichik hajmlari mahalliy hududiy bozorlarga joʻnatilmoqda. Bilishimcha, mamlakat poytaxtidagi ulgurji bozorlarga ushbu mahsulotning yirik partiyalari hali kirib bormagan. Qulay ob-havo sharoitida, taxminan bir hafta yoki oʻn kun ichida yirik partiyalarni shakllantirish mumkin boʻladi va ehtimol, oʻshanda mamlakatning ulgurji bozorlarida yangi hosil piyozi katta hajmlarda taklif qilina boshlanadi.

Biroq, yangi hosil piyozining pishib yetilish darajasi ushbu mahsulotni uzoq masofalarga joʻnatishga hozircha imkon bermaydi. Boshqacha aytganda, yangi hosil piyozi hali “kiyinib ulgurmagan” va zarur pishib yetilish darajasiga yetishi uchun qoʻshimcha vaqt kerak boʻladi. Mening hisob-kitoblarimga koʻra, joriy yilning 15-20 aprel kunlari eksportga yaroqli sifatga ega yangi hosil piyozining yirik partiyalari mamlakat ichki bozoriga chiqa boshlaydi”, deydi Oʻrmonali Usmonov.

Mutaxassislar fikricha, yanvardagi sovuqlar “avgust piyozi” barglarini butunlay nobud qilgan. Yangi barglar unib chiqishi va ularning rivojlanishi uchun yana vaqt kerak boʻlgan va bu, oʻz navbatida, piyozning pishib yetilish muddatini taxminan 10-15 kunga surib yuborgan. Tabiiyki, 2023 yilning bahorida ertagi piyoz hosilining yigʻim-terimi boshlanishi ham shu muddatga kechikkan.

MAʼLUMOT UChUN

Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda eng yirik piyoz eksportyori hisoblanadi, respublika yiliga 200 ming tonnadan ortiq piyoz eksport qiladi. Joriy yil yanvarda Oʻzbekiston bozorlarida kartoshka, piyoz va sabzi narxlari oshgandi. 2023 yilning mart oyi oʻrtalarida Oʻzbekistonda piyoz eksportiga oʻrnatilgan vaqtinchalik cheklovlar bekor qilindi. platina.uz esa piyoz narxi oshishining asl haqiqatlari haqida “Chorsu” nomi bilan mashhur “Eski Juva” va “Farhod dehqon bozor”larida surishtiruv oʻtkazgandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid