Maʼmuriy islohotlarda qisqargan tashkilotlarning xodimlarini qiziqtirgan masalaga oydinlik kiritildi

Maʼmuriy islohotlarda qisqargan yoki birlashtirilgan vazirlik va idoralar xodimlari yangi struktura ishlab chiqiliguncha mehnat shartnomasi tugatilgani haqida ogohlantirilgan. Mana, ikki oydirki, bu ogohlantirishning yakuni koʻrinmayapti. Uzaytirilib kelmoqda. Xodimlar esa qaysi lavozimda va qaysi vazifaga masʼulligini bilmay ovora. Xoʻsh, bu ogohlantirishlar qancha davom etadi?
Ijtimoiy tarmoqlarda ana shu mazmunda eʼlon qilingan chiqishlarga Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi oydinlik kiritdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 dekabrdagi PF-269-son hamda 2023 yil 25 yanvardagi PF-14-son Farmonlari bilan maʼmuriy islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu islohotlar davomida shtat birliklari qisqartirilgan xodimlarni ish beruvchi tomonidan ishga joylashtirish choralarini koʻrishi belgilangan.
Hozirgi kunda shtat birliklari qisqartirilgan xodimlarga mehnat shartnomasini bekor qilish yuzasidan ogohlantirish xatlari berilgan.
Mehnat kodeksining 102-moddasi talablaridan kelib chiqib, ogohlantirish muddatlarini uzaytirish ish beruvchining huquqi hisoblanadi.
Amaldagi Mehnat kodeksining 100-moddasi birinchi qismi 1-bandida ogohlantirish muddati kamida ikki oy oldin berilishi kerakligi belgilangan. Shunga koʻra ish beruvchi tomonidan ushbu ogohlantirish muddatini uzaytirish qonuniy hisoblanadi.
Bu jarayon xodimga ogohlantirish muddati uzaytirilganligi maʼlum qilingan xat (xabarnoma) taqdim etish orqali amalga oshirilishi tavsiya etiladi.
Belgilangan muddatlarda ishga joylasha olmagan xodimlarning ogohlantirish muddatini uzaytirish ularga oʻziga maqbul ish oʻrni topishida imkoniyat yaratadi.
Bundan tashqari, ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan xodimlarning ishdan boʻshatilishi toʻgʻri rasmiylashirilganligi, yetarli asoslar mavjudligi va belgilangan tartibga rioya etilganligini qayta koʻrib chiqishni tavsiya etamiz.
Amaldagi Mehnat Kodeksining 92-moddasiga koʻra, shtatlar soni qisqartirilgan ish beruvchi xodimni ishga joylashtirish choralarini koʻrishi shart. Ushbu talabga rioya etilmagan taqdirda noqonuniy ishdan boʻshatish hisoblanadi.