platina.uz
Siyosat

Yoʻl chiptalarini 3-6 oy oldindan bron qilish, sotib olishda noaniqliklar juda koʻp – Prezident

“Joriy yilda viloyat hokimlari va elchilar 7 million xorijiy va 15 million ichki sayyohlarni jalb qilish, eksportni 2,5 milliard dollarga yetkazish ustida aniq reja va majburiyat bilan ishlashlari shart” dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev. Qayd etilishicha, bu borada qabul qilingan choralar katta natijalar berishni boshlagan. Ammo muammolar ham yoʻq emas.
Yoʻl chiptalarini 3-6 oy oldindan bron qilish, sotib olishda noaniqliklar juda koʻp – Prezident

Turizm salohiyatini jadal rivojlantirish borasidagi videoselektor yigʻilishida maʼlum qilinishicha, Prezident topshirigʻiga koʻra, turoperator, mehmonxona, transport korxonalari, oliygohlar vakillari bilan bir necha bor uchrashilib, ularning muammolari va takliflari oʻrganilgan.

“Oʻrganishlar koʻrsatganidek, turistlarni faol jalb qiladigan joylar haqida kontent kam, bori ham qiziqarli emas, sayyohlarni 4-5 kun olib qoladigan turpaketlar yetishmaydi. Yoʻl chiptalarini 3-6 oy oldindan bron qilish, sotib olishda noaniqliklar juda koʻp. Muzey, teatr, madaniyat maskanlari turizm dasturlari bilan bogʻlanmagan, ularning ishlash vaqti ham sayyohlar talabidan kelib chiqmagan”ligini qayd etgan Prezident.

Maʼlum qilinishicha, soʻnggi yillarda 5 ta yangi xususiy aviakompaniya tashkil qilingan, aviapark 44 taga yetgan. Oʻtgan yili yangi Samarqand aeroporti “beshinchi osmon” rejimida ishlashiga oʻtgani hisobiga, haftalik aviaqatnovlar soni 46 tadan 78 taga, yoʻlovchi oqimi esa 6,5 mingdan 10 mingtaga koʻpaygan. Lekin...

“Ichki reyslar taqchilligi kuzatilmoqda, temir yoʻlda haftasiga 68 ta qoʻshimcha qatnovga, 350 ta yangi vagonga talab bor. Qoraqalpogʻiston, Jizzax, Namangan va Surxondaryoda sayyohlarga avtobus yetishmaydi” dedi Prezident.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning maʼlum qilishicha, davlatimiz rahbari soha mutasaddilari shu va boshqa kamchiliklar bilan tizimli ishlamayotganini tanqid qilgan va keskin oʻzgarish qilinishi zarur boʻlgan yoʻnalishlarni koʻrsatib oʻtgan. Jumladan, Prezident fuqarolik aviatsiyasi rahbarlariga quyidagi topshiriqlarni bergan:

- yil yakuniga qadar 20 ta qoʻshimcha zamonaviy samolyotlarni olib kelib, milliy aviatsiya parkini 64 taga yetkazish;

- aviaqatnovlar sonini haftasiga hozirgi 461 tadan 700 taga yetkazib, yillik yoʻlovchi tashishni 7,5 millionga olib chiqish;

- 1 maydan boshlab vodiy – Urganch, vodiy – Termiz, vodiy – Buxoro, vodiy – Samarqand, Termiz – Nukus, Samarqand – Urganch, Buxoro – Urganch kabi yoʻnalishlar boʻyicha muntazam aviareyslarni yoʻlga qoʻyish topshirildi. Bunda, aviabilet xarajatlarining 25 foiziga subsidiya beriladi va bunga 60 milliard soʻm ajratiladi.

Umuman, jami mahalliy reyslar soni 2 baravar oshirilib, 100 taga yetkazilishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Maʼlumot uchun:

2022 yilda yurtimizga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 2021 yilga nisbatan 3 baravarga oshgan (5,2 million, soha eksporti – 1,6 milliard dollar).

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid