platina.uz
Jamiyat

Qashqadaryodagi tibbiyot markazida 21 nafar chaqaloq vafot etdimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda oʻzini Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yashovchi Avazbek deb tanishtirgan fuqaro videomurojaat bilan chiqib, viloyat perinatal markazida turmush oʻrtogʻining koʻzi yoriganligi, ammo shifokorlar farzandiga yaxshi qarashmayotganligi, tamagirlik qilishayotganligi, kelganidan buyon bu yerda 21 nafar bola vafot etganligini maʼlum qilgan.
Qashqadaryodagi tibbiyot markazida 21 nafar chaqaloq vafot etdimi?

Qashqadaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi mazkur murojaat viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan oʻrganilayotganini maʼlum qildi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, murojaat muallifining turmush oʻrtogʻi 1997 yilda tugʻilgan X.D. 2023 yilning 13 martdan 17 martgacha Toshkent tibbiyot akademiyasining tugʻruq kompleksida homilador ayollar patologiyasi boʻlimida “Homiladorlik 3, tugʻruq 3, 32 hafta. Muddatdan oldingi tugʻruq xavfi. Homilada tugʻma yurak nuqsoni, qorinchalararo toʻsiq nuqsoni”. tashxisi bilan davolangan.

Ayol 2023 yil 16 martda Respublika ona va bola skrining markazida skrining ultratovush tekshiruvidan oʻtkazilgan. Tekshiruv natijasiga koʻra: “Homiladorlik 33 hafta, yoʻldosh yetukligi 1-2 daraja, qogʻonoq suvi kam va suvi xira, chaqaloqning kindigi boʻyniga 2 marta oʻralgan”.

Oxirgi oylarida X.D.da doimiy ogʻriq boʻlgan, u Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasining tugʻruqqa tayyorlash boʻlimida davolanishga yotqizilgan va 2023 yilning 23 mart kuni soat 13:00da yoʻllanma bilan viloyat perinatal markaziga “Tez tibbiy yordam” mashinasida olib kelingan. Shu kuni soat 21:00 da viloyat perinatal markazida X.D.da tugʻruq sodir boʻlgan. Chaqaloq jinsi qiz, tirik, muddatidan oldin, yaʼni 33 hafta, vazni 2500 gramm, boʻyi 45 santimetr tugʻilgan.

Chaqaloqqa SSV tomonidan tasdiqlangan standart protokollar asosida yordam koʻrsatilgan. Ammo shunga qaramasdan 2023 yilning 28 mart kuni soat 13:15 da goʻdakda oʻtkir yurak va nafas yetishmovchiligidan biologik oʻlim qayd etilgan. Oʻlim sababi: “Neonatal sepsis. DVS sindromi. Nafas va yurak yetishmovchiligining ogʻir darajasi. Morfofunksional yetuksizlik. Muddatidan oldin tugʻilgan chaqaloq”.

Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi murojaat muallifiga hamdardlik izhor qilgan.

Boshqarmaning maʼlum qilishicha, ishchi guruhi tomonidan murojaat muallifi va viloyat perinatal markazi navbatchi tibbiyot xodimlari ishtirokida mazkur holat muhokama qilingan.

Murojaat muallifi daʼvo qilgan tamagirlik bilan bogʻliq holatlar huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda oʻrganilib, qonuniy baho berilishi taʼkidlangan.

“Qayd etish zarurki, viloyat perinatal markazining asosiy maqsadi viloyatda onalar va goʻdaklar oʻlimi holatlarini kamaytirish, sifatli ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologiyali va tibbiy xizmatni koʻrsatish, eʼtiborga loyiq homilador ayollarga hamda muddatiga yetmay, ogʻir tugʻilgan chaqaloqlarga akusherlik va ginekologik yordamni oʻz vaqtida koʻrsatishdan iborat. Aynan shu jihati bilan u boshqa tugʻruq muassasalaridan farqlanadi, yaʼni bu yerga homilador ayollar odatdagi emas, muammoli vaziyatlarda keltiriladi. Muassasa faoliyatiga baho berilganida bu jihat alohida hisobga olinishi zarur” deya munosabat bildirgan viloyat boshqarmasi.

Eng muhimi, aniqlanishicha, murojaat muallifi oʻz chiqishida keltirib oʻtgan viloyat perinatal markaziga kelganidan buyon bu yerda 21 nafar goʻdak vafot etgani haqidagi xabar hech qanday asosga ega emas.

Boshqarma ijtimoiy tarmoq orqali tarqatilgan bu kabi yolgʻon maʼlumotlar aholi, shu jumladan, perinatal markazda davolanayotgan bemor ayollar va ularning yaqinlari orasida notoʻgʻri tasavvur va tushunchalar hamda sarosimaga olib kelishini qayd etib, shu bois har qanday vaziyatda bu kabi noqonuniy harakatlardan tiyilishni soʻraydi.

Boshqarma tizimda korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga nisbatan murosasiz munosabatda boʻladi va bu boradagi hech bir murojaatni eʼtibordan chetda qoldirmaydi, deya eslatmoqda boshqarma.

Viloyat boshqarmasining maʼlum qilishicha, sohadagi korrupsiyaviy holatlar yuzasidan aniq fakt va dalillarga asoslangan murojaatlar boshqarma qoshida kunu tun ishlab turgan "1103" qisqa raqamli “Sall-markaz”da ham qabul qilinmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid