Pensiya oshirilyapti, bugun oʻzi kim qancha olyapti?

Maʼlumot uchun:
“Qonunda belgilangan pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari rasman belgilangan eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz boʻlishi mumkin emas”.Yangi tahrirdagi Konstitutsiya, 46-modda
Xoʻsh, eng kam isteʼmol xarajati miqdori bugun qancha?
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, 2022 yil uchun eʼlon qilgan eng kam isteʼmol xarajatlar 498 ming soʻmni tashkil etgan.
Bu miqdor belgilanishiga esa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 27 avgustdagi “Minimal isteʼmol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibini amaliyotga joriy etish toʻgʻrisida”gi 544-son qaroriga asosan 2021 yilda respublikaning barcha hududlarida 10,6 ming uy xoʻjaliklari oʻrtasida oʻtkazilgan kuzatuv natijalari asos boʻlgan.
Bunda, xalqaro uslubiyotdan kelib chiqib, minimal isteʼmol xarajatlarni hisoblashda soʻrovnomada ishtirok etgan uy xoʻjaliklari xarajatlari miqdori boʻyicha oʻnta guruhga ajratilib, ushbu oilalar orasidan eng kam xarajat (daromad)ga ega boʻlgan 30 foiz uy xoʻjaliklari ajratib olingan.
– Soʻrovnoma asosida mazkur uy xoʻjaliklarida jon boshiga kunlik isteʼmol qilinadigan oziq-ovqat (2200 kkal) va zarur boʻlgan nooziq-ovqat tovarlar hamda xizmatlar uchun minimal isteʼmol xarajatlar bir oyda kishi boshiga 498 ming soʻmni tashkil etishi hisob-kitob qilindi, – deya maʼlum qilgan Statistika agentligi.
Agentlik maʼlumotlariga koʻra, dastlabki hisoblangan minimal isteʼmol xarajatlari 2021 yil narxlarida 440 ming soʻmni tashkil etgan. Ammo 2023 yil uchun hali miqdorlar maʼlum qilingani yoʻq.
Oʻzi bugun qancha pensionerlar bor va ularning olayotgan pensiya miqdori qancha?
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining maʼlum qilishicha, 2023 yil 1 mart holatiga koʻra, respublika boʻyicha pensiya va nafaqa olayotgan shaxslar 4 381 318 nafarni tashkil etadi. Shundan pensiya oluvchilar 3 793 418 nafar boʻlib, 3 143 506 nafar yoshga doir, 421 731 nafar nogironlik, 228 181 nafar boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini oluvchilardir.
Respublika boʻyicha yoshga doir pensiyalarning oʻrtacha miqdori esa 1 081 037,0 soʻmni tashkil etmoqda.
Yoshga doir pensiyaning oʻrtacha miqdori 1 mln. soʻmdan past boʻlgan hududlar qatoridan esa Andijon – 917 842,8 soʻm, Namangan – 918 601,3 soʻm, Fargʻona – 961 762,3 soʻm, Surxondaryo – 977 212,2 soʻm, Jizzax – 985 103,9 soʻm, Xorazm –997 649,8 soʻm joy olgan.