Oʻquvchilarni “Openbudjet”da ovoz yigʻish uchun pul olib kelishga jalb qilgan direktor ishdan haydaldi

Tarmoqlarda Toshkent viloyati Oqqoʻrgʻon tumani "Boygʻuli" MFY hududida joylashgan 17-sonli maktabda Open Budget'da ovoz yigʻish uchun oʻquvchilardan pul yigʻilayotgani haqida video tarqaldi.
Ushbu holatga viloyat hokimligi munosabat bildirdi.
Mazkur holat viloyat hokimining topshirigʻiga koʻra, maxsus ishchi guruh tomonidan oʻrganildi. Oʻquvchilarni Open Budget'ga ovoz yigʻish uchun jalb qilish boʻyicha topshiriq maktab direktori tomonidan berilgani aniqlandi.
Qayd etilishicha, vaziyat mazkur maktabning filialida sodir boʻlgan. Filialda 45 nafar boshlangʻich sinf oʻquvchisi tahsil oladi. Oʻquvchilarni kampaniyaga jalb qilgan sinf rahbarlariga intizomiy jazo berildi, maktab direktori L.Usmanova egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.
Maktab filiali yaqinda taʼmirdan chiqarilgan boʻlib, zarur jihozlar bilan taʼminlangan. Maktab jamoasi oʻz tashabbusi bilan Open Budget kampaniyasida qoʻshimcha elektron doska, kompyuter jihozlari olish uchun ishtirok etgan. Soʻralgan mablagʻ miqdori – 300 million soʻm.
"Toshkent viloyati hokimi, viloyat Taʼlim kengashi raisi Zoyir Mirzayev tegishli mutasaddilarga ushbu jihozlarga ehtiyoj haqiqatda mavjudligini oʻrganish, shundan soʻng, mahalliy byudjet hisobidan maktabni soʻralgan jihozlar bilan taʼminlash boʻyicha koʻrsatma berdi", - deyiladi xabarda.
Avvalroq oʻquvchilarning uyga pul olib kelish uchun yuborilgani aks etgan videodagi holatni Toshkent viloyati hokimligi nazoratga olgani haqida xabar bergandik.