Ayrim toifa shaxslarga benzin sotib olish xarajatlarini bir qismini qoplash soddalashtirildi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 23 martdagi 119-sonli qarori bilan ayrim toifa shaxslarga avtomobil benzini sotib olish xarajatlarini bir qismini qoplash uchun ajratiladigan oylik pul kompensatsiyani tayinlash va toʻlash tartibi soddlashtirildi.
Dastavval kiritilgan oʻzgartirishlarga toʻxtalishdan oldin kimlar ushbu kompensatsiya pul toʻlovini olish huquqiga ega ekanligiga toʻxtalib oʻtamiz.
Quyidagi toʻrt toifadagi shaxslar kompensatsiya olish huquqiga ega:
- urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar;
- urush faxriylari va ularga tenglashtirilgan shaxslar;
- mehnatda mayib boʻlish va kasb kasalligi tufayli I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar;
- I va II guruh bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslar.
Kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra kompensatsiya pulini olish uchun fuqarolar tomonidan quyidagi hujjatlarni pensiya va nafaqa tayinlaydigan organga taqdim qilish tartibi bekor qilindi:
ariza beruvchining pasport nusxasi, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining maʼlumotnomalari, ariza beruvchiga tegishli boʻlgan avtomototransport vositasi davriy texnik koʻrikdan oʻtganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan texnik pasporti nusxasi va avtomototransport vositasini boshqarish uchun ishonchnoma nusxasi.
Endilikda ushbu hujjatlar fuqarolardan talab qilib olinmasdan pensiya va nafaqa tayinlaydigan organ tomonidan mustaqil ravishda tegishli axborot tizimlaridan olingan holda kompensatsiya tayinlanishi belgilandi.
Shuningdek, kompensatsiya oluvchi shaxs boshqa shaxsga avtomototransport vositasini boshqarish uchun ishonchnoma bergan taqdirda kompensatsiya toʻlovini toʻxtatish tartibi bekor qilindi.