Stipendiya oshadimi? Kontrakt-chi? Jarimalar nima boʻladi?

Bugun “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2023 yil 1 apreldan pensiyalar va nafaqalar miqdori 7 foizga oshiriladi.
2023 yil 1 apreldan Oʻzbekiston hududida:
- pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 347 000 soʻm;
- yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 677 000 soʻm;
- nogironlik pensiyalari, jumladan ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori – oyiga 747 000 soʻm;
- mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 747 000 soʻm;
- 1941–1945 yillardagi urush oqibatida nogiron boʻlgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda – oyiga 3 296 000 soʻm;
- belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (677 000 soʻmdan) 747 000 soʻmgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori – oyiga 747 000 soʻm;
- zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 535 000 soʻm;
- ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qoʻshimcha toʻlovni hisobga olgan holda – oyiga 535 000 soʻm;
- oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band boʻlgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 535 000 soʻm;
- boquvchisini yoʻqotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun nafaqa miqdori – oyiga 535 000 soʻm etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun – 198 000 soʻmdan qoʻshiladi;
- boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 535 000 soʻm etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya toʻlanadi.
Shuningdek, 2023 yil 1 maydan byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 7 foizga oshiriladi.
Ushbu Farmon bilan 1 apreldan pensiya va nafaqalar, 1 maydan esa byudjet tashkilotlari xodimlari oyligi oshirilishi maʼlum qilingach, koʻpchilikni stipendiya, kontraktlar va jarimalar miqdori qiziqtirib qoʻydi.
Shuningdek, Farmonga koʻra, 2023 yil 1 maydan Oʻzbekiston hududida mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori – oyiga 980 000 soʻm, bazaviy hisoblash miqdori esa oyiga 330 000 soʻm etib belgilangan.
Shundan kelib chiqib, 1 maydan boshlab bazaviy hisoblash miqdoriga bogʻlangan toʻlovlar ham oshadi. Masalan, maʼmuriy jarimalar, soliqlar, davlat bojlari va shu kabi boshqa toʻlovlar. Masalan, ilgari 1 “minimalka” jarima 300 ming soʻm boʻlgan boʻlsa, 1 maydan 330 ming soʻm boʻladi.
Kontraktlar masalasida esa aytish mumkinki, aslida qoidaga koʻra, talabalarning toʻlov-kontraktlari ham oshishi kerak. Chunki bazaviy kontrakt miqdorlari mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga bogʻlab qoʻyilgan. Yaʼni aslida qoidasi boʻyicha mehnatga haq toʻlash miqdori oshganda kontraktlar ham oshadi.
Lekin bu borada ortga nazar tashlansa, mehnatga haq toʻlash miqdori oshgan boʻlsada, pandemiya sabab bir necha yildan buyon kontraktlar miqdori oshirilmayapti.
Nima boʻlganda ham bu borada xulosa qilishga shoshilmasdan, masʼullar izohini kutish maqsadga muvofiq.