Saudiya Arabistonida YTHga uchragan avtobusda oʻzbekistonlik ziyoratchilar mavjud emas — Musulmonlar idorasi

2023 yil 28 mart kuni Saudiya Arabistonida Umra ziyoratchilari ketayotgan avtobus halokatga uchragani toʻgʻrisidagi xabar tarqaldi.
Maʼlum boʻlishicha, shu yil 27 mart kuni yamanlik yoʻlovchilar boʻlgan avtobus Saudiya Arabistonining Abha shahridagi koʻprikdan oʻtayotgan vaqtda tormoz tizimidagi nosozlik sababli yengil avtomobil bilan toʻqnashib yonib ketgan. Ushbu mashʼum hodisa oqibatida 20 kishi halok boʻlgan, 29 kishi tan jarohati olgan.
Oʻzbekiston musulmonlar idorasi maʼlum qilishicha, Saudiya Arabistonidagi mutasaddilardan olingan maʼlumotga koʻra, ushbu avtobusda oʻzbekistonlik ziyoratchilar mavjud boʻlmagan.
"Alloh taolo ushbu talofatda vafot etganlarni Oʻz rahmatiga olsin, jarohat olganlarga tezroq shifoi komil bersin", - deyiladi xabarda.