Buxoroda attraksion uzilib ketishi sabablari maʼlum qilindi

Buxoroda attraksion uzilib bir oilaning 3 aʼzosi tushib ketgani haqida xabar bergandik.
Ushbu holat yuzasidan Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi ("Kontexnazorat") munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 2022 yilning dekabr oyida favqulodda vaziyatlar boʻlinmalari xodimlari bilan hamkorlikda favqulodda vaziyatlarni oldini olish maqsadida Buxoro shahridagi «Somoniylar» madaniyat va istirohat bogʻidagi attraksionlar, shu jumladan «X.Sh.» Yakka tartibdagi tadbirkorga qarashli boʻlgan «Tvister» attraksionining xavfsizlik holatini oʻrganish boʻyicha profilaktik tadbir oʻtkazilgan.
Natijada ushbu attraksion statik va dinamik sinovlardan oʻtkazilmagani, attraksion egasi tomonidan attraksiondan foydalanish uchun belgilangan tartibda ruxsatnoma olinmagani, attraksiondan xavfsiz foydalanish boʻyicha javobgar shaxs tayinlanmagani aniqlangan. Oʻrganish oʻtkazgan ishchi guruh tomonidan ushbu kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha koʻrsatma berilgan hamda attraksiondan foydalanish taqiqlangan.
Shunga qaramasdan attraksiondan oʻzboshimcha foydalanish va javobgar shaxs tomonidan kundalik texnik nazorat amalga oshirilmagani oqibatida attraksion oʻrindiqlariini tutib turuvchi metall moslama ichki tomonidan yemirilishi oqibatida attraksion korpusidan uzilib ketgan va bir oila (3 kishi) jarohati olgan.
"Holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tekshiruv olib borilmoqda. «Kontexnazorat» inspeksiyasi tomonidan «Tvister» attraksioni tekshiruvini oʻtkazish biznes vakil bilan kelishilmoqda", - deyiladi xabarda.