“Bahor mavsumi uchun uzoq muddatli ob-havo prognozlari havas qilarli emas” – meteorolog

Andijon viloyatining Qoʻrgʻontepa va Jalaquduq tumanidagi 10 ga yaqin fermerning 700 ga gʻalla maydoniga suv chiqmayapti. Bunga dala maydonlarini sugʻorishda ishlatiladigan suv nasos stansiyasiga elektr energiya yetkazib berilmayotgani sabab etib koʻrsatilgan. Mutaxassis esa bu borada boshqa sabablarni ham keltirib oʻtdi.
Mutaxassisning maʼlum qilishicha, Fargʻona va Andijon shahridagi kuzatuv stansiyalarida joriy yil mart oyida atigi 1 mm yogʻin kuzatildi.
Bu yogʻin ham 12 mart kuni qayd etilgan. Vaholanki, Andijon shahri uchun mart oyidagi oʻrtacha yogʻin 34 mm, Fargʻona shahri uchun 25 mm ni tashkil etadi. Oʻtgan yili martda bu ikki shaharda oylik yogʻin oʻrtacha meʼyordan 3-4 barobar koʻp rekord darajadagi anomal yogʻinni taqdim etgandi.
Havo haroratining meʼyordan yuqori kelishi va ayni hozirgi mavsumda ekin ekish ishlari boshlanishi hisobga olinsa, yerda tabiiy yomgʻirdan namlanish holatlari boʻlishi kerak. Qolaversa, mart oyi yilning eng koʻp yogʻin yogʻadigan oyi hisoblanadi.
Vodiy viloyatlari va respublikaning boshqa viloyatlarida ham bahorning quruq va issiq boshlanishi lalmi yer egalari hamda chorvadorlarda xavotirlarni kuchaytirmoqda. Ayni mavsum aprelda mart yogʻinlari oʻrnini qoplaydigan koʻp yogʻin kerak.
Jahon meteorologik tashkilotining bahor mavsumi uchun uzoq muddatli ob-havo prognozlari ham havas qilarli emas. Gʻarbiy havo aylanmalarining bahorda nofaolligi shubhasiz Markaziy Osiyoga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmasdan qolmaydi.