Zilzila yana bosh koʻtaryaptimi?

Turkiya va unga yaqin hududlarda yana kuchlirok zilzila boʻlishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Niderlandiyalik Frank Hugerbits jamoasi ham yaqin bir necha kunda Turkiyaning markaziy hududlari va uning atrofida kuchli zilzila boʻlishi mumkinligi haqida maʼlumot berdi.
Maʼlumki, 6 fevral kuni Turkiyaning ushbu viloyatida 7,7 magnitudali zilzila sodir boʻlib, vayronagarchiliklarga olib kelgandi. Ushbu zilzila sabab 50 mingdan ortiq odamlar halok boʻldi, mamlakat ulkan zararni koʻrdi.
Turkmaniston hukumati ham zilziladan xavotirda. Shu bois zilzila va boshqa ofatlar yuz berganda mahalliy aholini evakuatsiya qilish uchun lagerlar tashkil etish niyatida. Bu haqda 22 mart kuni Lebap viloyatida boʻlib oʻtgan yigʻilishda maʼlum qilindi.
Qayd etilishicha, 21 mart kuni kechqurun Afgʻonistonning shimoli-sharqida Tojikiston va Pokiston bilan chegaralar yaqinida 6,5 magnitudali zilzila sodir boʻldi, uni Turkmanistonning Lebap viloyati aholisi ham his qilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, 21 mart kuni yer silkinishlari kuchi 4,8 ballga yetgan. Zilzila oqibatida qurbonlar va vayronagarchiliklar boʻlmaganiga qaramay, mamlakatning barcha huquq-tartibot idoralari kuchaytirilgan rejimda ishladi.
Yigʻilishda maʼmuriy markazdan 8-10 kilometr uzoqlikdagi har bir viloyatda 20 gektar maydonda odamlarning vaqtincha yashashi uchun hududlar tashkil etish toʻgʻrisidagi hukumat qarori haqida maʼlumot berildi. U yerda chodirlar va suv idishlari oʻrnatiladi.
Shuningdek, omborlarga oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun joylar ajratiladi.
Eslatib oʻtamiz, 21 mart kuni Afgʻonistonda sodir boʻlgan zilzila kuchi Oʻzbekistonning barcha xududlarida ham sezildi. 23 mart kuni Tojikistonda sodir boʻlgan zilzila kuchi ham Oʻzbekistonning barcha hududlarida sezilgani haqida xabar bergandik.