platina.uz
Jamiyat

Endi oʻqituvchilarni oʻziga tegishli boʻlmagan ishlarga jalb qilganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi

Bugun Shavkat Mirziyoyev pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni koʻzda tutuvchi qonunni imzoladi.
Endi oʻqituvchilarni oʻziga tegishli boʻlmagan ishlarga jalb qilganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi

Unga koʻra, pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarliklar kuchaytirilmoqda. Jumladan, umumiy holatda biror shaxsni majburiy mehnatga jalb etish 30 mln soʻmgacha (100 baravar) jarimaga sabab boʻlsa, endilikda pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilish 45 mln soʻmgacha (150 baravar) jarima bilan jazolanishi mumkin. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari Komil Allamjonov maʼlum qildi.

Jinoyat kodeksida ham pedagoglarga qarshi harakat uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilandi va jazo kuchaytirildi. Yaʼni pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash uchun, agar xuddi shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, 45 mln soʻmdan 60 mln soʻmgacha jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi belgilandi.

Shuningdek, taʼlim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki oʻz xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilish uchun ham maʼmuriy javobgarlik kuchaytirildi. Endilikda bu qilmish uchun fuqarolarga 2,1 mln soʻmdan 4,5 mln soʻmgacha jarima, mansabdor shaxslarga esa 3 mln soʻmdan 6 mln soʻmgacha jarima belgilanmoqda.

Eʼtiborli jihati, ilgari pedagogning faoliyatiga noqonuniy aralashish uchun faqat jarima jazosi belgilangandi. Endilikda ushbu qilmishni takroran sodir etgan mansabdor shaxslarga 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq belgilanishi mumkin.

Ushbu qonun jamiyatda pedagoglarning nufuzi va obroʻsini oshirish yoʻlidagi navbatdagi mantiqiy qadam boʻldi.

"Faqat ilm, taʼlimni rivojlantirish orqali biz buyuk davlat qura olamiz. Faqat ilmlilargina buyuk ishlarga qodir. Barcha ustozlarimizga ushbu yangilik muborak boʻlsin. Endi siz qonun himoyasidasiz", deydi Komil ALLAMJONOV.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid