Pora olgan bojxonachilar ozodlikdan mahrum qilindi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi maʼlum qilgan hafta davomidagi jinoiy qilmishlar tafsilotlariga koʻra, pora olgan bojxonachilar qilmishiga yarasha jazo tayinlangan. Yaʼni jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona shahar sudida boʻlib oʻtgan ochiq sud majlisida hududlardagi bojxona postlarining masʼul lavozimlarida ishlagan bir qator mansabdorlarga sud hukmi oʻqildi.
Jinoiy qilmish tafsilotlariga koʻra, “Vodiy” va “Qoʻqon” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari hamda “Fargʻona” chegara bojxona postida masʼul lavozimlarda faoliyat olib borgan J.X., B.R. va E.B. lar xizmat vakolatlaridan kelib chiquvchi majburiyatlarni bajarmay, oʻz mansabiga sovuqqonlik bilan qarab, loqaydlik va vijdonsizlarcha munosabatda boʻlishi natijasida davlat manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar keltirgan.
Misol uchun, oʻz manfaatini koʻzlab va boj toʻlovlaridan qochib, Polsha Respublikasidan yurtimizga olib kirilayotgan transport vositalarining holati, rusumi va tasnif raqami soxtalashtirilgan. Yoki maʼlum haq – pora evaziga bir necha fuqarolarning koʻp miqdordagi chet elda ishlab chiqarilgan yuklari tegishli rasmiylashtiruvlarsiz bojxona nazoratidan oʻtkazib yuborilgan.
Sud tomonidan ularga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.