Oʻzbek olimlari olamshumul kashfiyot qilgani rostmi?

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Sogʻliqni saqlash vazirligi mahalliy OAVda eʼlon qilingan maqoladagi maʼlumotlarga oydinlik kiritdi.
Yadro fizikasi institutida ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilgan lyutetsiy-177 PSMA-617 radiofarmatsevtik dori vositasi haqida Oʻzbekiston milliy axborot agentligi eʼlon qilgan maqolada maʼlumot berilgan. Bu dori lyutetsiy-177 radioizotopi va PSMA-617 prostata spetsifik menbranali antigendan tashkil topgani yozilgan. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi ushbu dori vositasi asosan katta yoshdagi erkaklardagi prostata bezi rakini davolashda samarali hisoblanishini maʼlum qildi.
“Shu bilan birga toʻrtinchi va beshinchi dozalarida tananing boshqa qismlaridagi metastazalarga ham terapevtik taʼsir koʻrsatishi kuzatilgan.
Lekin keyinchalik bu maqola bir qator boshqa saytlar tomonidan oʻta qisqartirilgan holda qayta chop etilib, bunda PSMA toʻgʻrisidagi maʼlumot tushirib qoldirilgan. Bu bilan aholi oʻrtasida bu dori vositasi barcha rak kasalliklarini davolaydi degan tushuncha paydo boʻlgan. Eng asosiysi boshlangʻich maqolada dori vositasining 1 ta dozasi 1,5 ming ($1500) AQSh dollari deb yozilgan boʻlsa, baʼzi saytlarda uning narxi 1,5 dollar deb 1000 marta kamaytirib, notoʻgʻri koʻrsatilgan.
Yana shuni taʼkidlash kerakki, bu dori vositasi radioaktiv modda boʻlib u dorixonalarda sotilmaydi. Bu faqat shifoxona va klinikalarga yetkazib berilib, bu klinikalarda bemorlar tekshiruvdan oʻtkazilib, PET (pozitron-emission tomografiya) yordamida tashxis qoʻyiladi va bemordagi kasallikni lyutetsiy-177, PSMA-617 yordamida davolash mumkinligi aniqlansa klinika bizning korxonaga shu dorining kerakli dozasiga buyurtma beradi. Davolash faqatgina kasalxona sharoitida, maxsus gamma kameralar bilan kuzatuv ostida olib boriladi. Bemorlar bu dori vositasini oʻzlaricha dorixonadan sotib olib oʻzlari davolana olmaydi”.
Cogʻliqni saqlash vazirligi ham ushbu preparat 2022 yilning iyun oyida yurtimizda roʻyxatdan oʻtkazilib, ishlab chiqarishga tatbiq etilgan yangi radiofarmatsevtik vektorli terapiya vositasi ekanligini maʼlum qildi.
Maʼlum boʻlishicha, bu dori vositasi radiofarmpreparat sifatida AQSh, Yevropa va Osiyo davlatlarida faqatgina prostata bezi va neyroyendokrin oʻsmalar diagnostikasi va muolajasida qoʻllaniladi.
— Xorijiy tajribaga asoslangan holda shuni aytish mumkinki, ushbu vosita prostata bezi saratonining 4-bosqichida suyakda metastazlanish jarayonidagina ishlatiladi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Doniyor Nishonov. — Bu preparat vaqtinchalik vosita hisoblanadi va bemorlarning hayotini uzaytirishga imkoniyat yaratadi.
Taʼkidlash lozimki, preparat shu kungacha mamlakatimizdagi bitta tibbiyot muassasasida faqat 3 nafar bemorda qoʻllanilgan hamda mutaxassislar fikriga koʻra, xasta insonlarda oʻsma oʻchoqlari (metastazlar) va ularni bezovta qilayotgan ogʻriqlar sezilarli darajada kamaygan.
Shu bilan birga, har qanday yangi dori vositasi amaliyotda foydalanilishidan toki samarasi tasdiqlanishiga qadar turli izlanishlar, oʻrganishlar olib borilishi va samaradorligi toʻgʻrisida tegishli xulosalar qilinishi uchun uzoq vaqt talab etiladi.
Afsuski, dunyoda barcha saraton kasalliklarini toʻliq davolay oladigan universal dori vositasi hozircha mavjud emas.