Asaka tumanining sobiq hokimiga hukm oʻqildi

Andijon viloyati Asaka tumani sobiq hokimi Mansur Alixonovga nisbatan ozodlikdan cheklash jazosi qoʻllanildi.
Maʼlum qilinishicha, jinoyat ishlari boʻyicha Paxtaobod tuman sudining 2023 yil 27 yanvardagi hukmi bilan M. A. (1984 yilda Andijon tumanida tugʻilgan, muqaddam sudlanmagan, Asaka tumani hokimi lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish) 2-qismi “a” bandi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi va 229-4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, 3 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Shuningdek, ushbu hukmga koʻra U. S. (1982 yilda Shahrixon tumanida tugʻilgan, muqaddam sudlanmagan, Asaka tumani qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi “a” bandi va 229-4-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, 3 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan;
O. Q. (1985 yilda Asaka tumanida tugʻilgan, muqaddam sudlanmagan, Kadastrlar palatasi Asaka tumani filiali mutaxassisi lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b”, “v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, ish haqining yigirma foiz miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Sudlanuvchilar M. A. va U. S. ning himoyachilari bilan birgalikda birinchi instansiya sudining hukmi ustidan keltirgan apellyatsiya shikoyatlari asosida jinoyat ishining ularga oid qismini Andijon viloyat sudining apellyatsiya instansiyasida koʻrib chiqish uchun 2023 yil 30 mart kuniga tayinlangan.
Avvalroq Qarshi shahrining sobiq hokimi 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgani haqida xabar bergandik.