Yurtimizda kuzatilgan 5 balli zilzilalar haqida mutaxassis muhim haqiqatni aytdi
Soʻnggi 6-7 yillik "seysmik sokin" davrda Oʻzbekistonda juda koʻplab bino-inshootlar qad rostladi. Ayniqsa, yangi “siti”larning barpo etilishi fonida koʻp qavatli uylar paydo boʻldi.

Oʻzbekistonning koʻplab viloyatlarida kuzatilgan ikkita 5 balli zilzilalar soʻnggi paytlar qurilgan yangi bino inshootlarning kuchsiz zilzilaga bardoshli ekanini sinovdan oʻtkazdi.
Mutaxassis Erkin Abdulahatovning tushuntirishicha, soʻnggi 6-7 yillik "seysmik sokin" davrda Oʻzbekistonda juda koʻplab bino inshootlar qad rostladi, ayniqsa, yangi "sitilar"ning barpo etilishi fonida koʻp qavatli uylar paydo boʻldi. Koʻplab bino inshootlar joyning seysmik rayonlashtirish xaritalari asosida seysmik bardoshli etib qurilishi lozim.
Masalan, poytaxt Toshkentning seysmik rayonlashtirish kartasida hudud 8-9 ballik zilzila boʻlishga moyil zona hisoblanadi. Va barcha inshootlar mana shu omilni inobatga olib qurilishi shart. Boshqacha aytganda, bino inshootlar 8-9 ballik zilzila sodir boʻlganda talofatlar keltirmasligi (devorlarda katta yoriqlar paydo boʻlmasligi, bino va uning qismlari qulamasligi) lozim.
21 va 23 mart tunda kuzatilgan 5 balli zilzilalar yangi qurilgan inshootlarni birinchi marta tabiiy sinovdan oʻtkazdi.
Baʼzi hududlarda inshootlarda zilziladan soʻng yoriqlar paydo boʻlgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar aylanmoqda. Qurilish va uy-joy kommunal vazirligi xatlovlar oʻtkazishda ushbu omilning ham taʼsirini oʻrganayotgan boʻlishi kerak.