Qarshi shahrining sobiq hokimi 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Jinoyat ishlari boʻyicha Qarshi shahar sudi 2016-2019 yillarda Qarshi shahar hokimi lavozimida ishlagan J. F.ga nisbatan hukm chiqardi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, unga Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish) 2-qismi «a bandi, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi «a» bandi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi «a» bandi va 229-4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) ga asosan 2 yil muddatga mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Ayni paytda sudlanuvchi J. F. tomonidan ushbu hukm ustidan berilgan apellyatsiya shikoyati Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasida koʻrib chiqish uchun rasmiylashtirilmoqda.