platina.uz
Jamiyat

Narx-navo oshishi sabablari va bu holat yana qancha davom etishi maʼlum boʻldi

Maʼlumotlarga koʻra, oxirgi ikki yilda jahonda oziq-ovqat inflyatsiyasi yiliga 15-20 foizdan pasaymayapti, oʻsimlik yogʻi, sut va goʻshtning jahon narxi esa soʻnggi 30 yildagi, don mahsulotlari va shakar esa soʻnggi 10 yildagi eng yuqori darajaga koʻtarilgan. Bu vaziyatga Oʻzbekiston qarshi kurasha olishga tayyormi?
Narx-navo oshishi sabablari va bu holat yana qancha davom etishi maʼlum boʻldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ayni paytda boʻlib oʻtayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini koʻpaytirish, bahorgi ekin mavsumini samarali tashkil etish boʻyicha asosiy vazifalar muhokamasida qayd etilishicha, eksport-importda logistika, oʻgʻit va yoqilgʻi xarajatlari oshib ketgani ham oziq-ovqat narxlariga oʻz taʼsirini koʻrsatayapti. Tahlillarga koʻra, bu holat 2023 yilda ham, kelgusi yillarda ham saqlanib qoladi.

Mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishga 200 ming gektar yer ajratilgani, 500 ming gektar qoʻshimcha yerlar oborotga kiritilgani ichki bozordagi narx-navoni barqaror ushlab turish va eksportni koʻpaytirishga xizmat qilmoqda.

- Lekin, aholimiz soni oʻsib borayotgani, jahondagi nobarqaror vaziyat, logistikadagi uzilishlar oziq-ovqatni koʻpaytirish boʻyicha oldimizga yanada katta vazifalarni qoʻymoqda, - dedi davlatimiz rahbari.

Shu munosabat bilan viloyat, tuman hokimlari oziq-ovqatni koʻpaytirish, odamlarni band qilish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlarni izlashi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.
Yigʻilishda ayrim tumanlar ularga oziq-ovqat uchun 70 ming gektar qoʻshimcha maydon berilganiga qaramasdan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan oʻzini oʻzi taʼminlay olmayotgani tanqid qilindi.

Hokimlar mavjud oziq-ovqat maydonlarini kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirishda tashabbus koʻrsatmayotgani qayd etildi.

Ana shu vaziyatlarning yechimi sifatida davlat rahbari aholi dasturxonining toʻkin-sochinligini oʻylab, yil oxirigacha oziq-ovqat mahsulotlari boʻyicha import bojlaridan imtiyoz berilishini maʼlum qildi.

Shuningdek, 1 maydan ijtimoiy reyestrga kirgan aholiga mol, qoʻy va parranda goʻshti, tuxum va oʻsimlik yogʻi xarid qilsa, qoʻshilgan qiymat soligʻi qaytariladi. Bu orqali 2 milliondan ortiq oilaga yengillik yaratiladi.
Oziq-ovqat yetishtirishni koʻpaytirish uchun shu yilning oʻzida 6,2 trillion soʻm yangicha mexanizmlar asosida ajratiladi.

Jumladan:

- Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasidan meva-sabzavotchilikning aylanma mablagʻlari uchun 700 milliard soʻm ajratiladi;

- aholiga berilgan yerlarda koʻchat, urugʻ, oʻgʻit va texnika yetkazib berish uchun jami 500 milliard soʻm beriladi.

1 apreldan 130 million dollar mablagʻ banklar ishtirokisiz, toʻgʻridan-toʻgʻri tadbirkorlarga ajratiladi. Bunda bank ustamasi boʻlmaydi va tadbirkor bozorga qaraganda ancha arzon kredit olish imkoniga ega boʻladi. Ushbu mablagʻlar mahsulot yetishtirish, qayta ishlash va xarid qilish, texnika sotib olish uchun 10 yilgacha 14 foizdan ajratiladi.

Shu bilan birga, intensiv bogʻ va tokzorlar, logistika obʼektlari tayyor qurilib, tadbirkorlarga lizingga beriladi. Endi, tadbirkor 20 foizini oldindan toʻlaydi, qolgan 80 foizini 10 yil davomida boʻlib-boʻlib toʻlaydi.

Bunda tadbirkorlar oʻz loyihalarini Qishloq xoʻjaligi vazirligining shaffof elektron platformasi orqali taqdim qiladi. Vazirlik loyihalarni toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzi moliyalashtiradi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid