Ichki ishlar vazirligi, Oliy sud, Bosh prokuratura va Raqamli texnologiyalar vazirligiga muhim topshiriq berildi

Prezident qaroriga (PQ–99-son, 23.03.2023 y.) muvofiq, sudlanganlik tamgʻasidan qutulish yanada osonlashdi. Buning uchun 2023 yil 1 sentabrdan boshlab:
a) sudlanganlik muddatining oʻtib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi haqidagi maʼlumotlar Ichki ishlar vazirligining “Tezkor maʼlumotlar” yagona axborot tizimida avtomatik ravishda onlayn shakllantiriladi;
b) sudlanganlik muddatining oʻtib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanganligi haqidagi maʼlumotnoma sudlanganlik muddati tugagan yoki sudlanganlik olib tashlangan sananing ertasidan kechiktirmasdan tegishli shaxsning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetiga avtomatik ravishda bepul yuboriladi.
Qarorga muvofiq, ushbu amaliyotni joriy etish uchun barcha zarur chora-tadbirlarni koʻrishga Ichki ishlar vazirligi Oliy sud, Bosh prokuratura va Raqamli texnologiyalar vazirligiga 2023 yil 1 iyulga qadar muhlat berildi.
Bunda nimalarga eʼtibor beriladi?
Birinchi navbatda “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimida quyidagi maʼlumotlar avtomatik ravishda aks ettirilishini taʼminlash yoʻlga qoʻyilishi shart:
- Oliy sud va Ichki ishlar vazirligining axborot tizimlarini oʻzaro integratsiya qilish orqali sudda ixtiyoriy toʻlangan jarimalar, sud qarorlarini ijro etishda yuzaga keladigan masalalarni hal etish bilan bogʻliq materiallarning koʻrilishi haqidagi maʼlumotlar;
- Majburiy ijro byurosi va Ichki ishlar vazirligining axborot tizimlarini oʻzaro integratsiya qilish orqali undirilgan jarimalar haqidagi maʼlumotlar;
- “Probatsiya hisobi” elektron bazasi bilan “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimini oʻzaro integratsiya qilish orqali probatsiya hisobidan ozod etilgan shaxslar haqidagi maʼlumotlar.
Xalqqa yanada qulaylik yaratish maqsadida Prezident qarori bilan amalga tatbiq etilishi kutilayotgan bu jarayon paysalga solinmay, belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi, degan umiddamiz.




