platina.uz
Jamiyat

Bugun fuqarolik jamiyati va faollar gʻalaba qildi

Prezident administratsiyasining shoʻʼba mudiri Saida Mirziyoyeva bugun deputatlar maʼqullagan xotin-qizlar va bolalar huquqlariga oid qonun loyihasini “fuqarolik jamiyati va faollarning gʻalabasi” deb atadi.
Bugun fuqarolik jamiyati va faollar gʻalaba qildi

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida «Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasida "Oilaviy (maishiy) zoʻravonlik", “shahvoniy shilqimlik” jinoyatlari uchun jazo kuchaytirilmoqda.

Deputatlar tomonidan keyingi vaqtlarda qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlgan muhim qonun qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Saida Mirziyoyeva bugun deputatlar maʼqullagan xotin-qizlar va bolalar huquqlariga oid qonun loyihasini olqishladi hamda buni fuqarolik jamiyati va faollarning gʻalabasi deb atadi:

«Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat va Maʼmuriy javobgarlik kodekslariga ayollar hamda voyaga yetmaganlarni zoʻravonlikdan himoya qilish boʻyicha oʻzgartirishlar toʻplami qabul qilindi.

Qonun loyihasining asosi Senat huzurida tashkil etilgan faollar va ekspertlardan iborat ishchi guruhi tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, ular loyihaning eng soʻngi nuqtasiga qadar Qonunga kiritilayotgan bugungi kun uchun dolzarb ahamiyatga ega boʻlgan oʻzgartirishlarni yoqlab himoya qilishdi.

Xususan, oiladagi zoʻravonlik jinoiy huquqbuzarliklar turkumiga oʻtkazildi, iqtisodiy va psixologik zoʻravonlik, shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan zoʻravonlik uchun jazo kuchaytirildi.

Buni fuqarolik jamiyati va faollarning gʻalabasi deb bilaman. Sogʻlom fikr va adolatning gʻalabasi. Biz ushbu muvaffaqiyatlar uchun uzoq va mashaqqatli harakatlarni amalga oshirdik, lekin qonunchiligimizda bu kabi oʻzgartirishlar zamon talablariga xos va insonparvarlik uchun oʻta ahamiyatli ekanligini birgalikda isbotlay oldik.

Oldinda bajarishimiz lozim boʻlgan ishlar juda koʻp, biroq muvaffaqiyat doimo ilhomlantiradi. Ushbu oʻzgartirishlarni qoʻllab-quvvatlagan, hujjatlar ustida ish olib borgan va bu gʻoyalarni jamiyatimizda targʻib qilgan barchaga minnatdorchilik bildiraman.

Bu nafaqat Oʻzbekiston ayollarining, balki barcha tafakkurli, ilgʻor insonlarning gʻalabasi!».

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid