platina.uz
Jamiyat

Prezident mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan tabrik yoʻlladi va bir guruh faollarni mukofotladi

"Biz mahallalarimizni yanada obod va farovon etishda bundan buyon ham sizlarning kuch-gʻayratingiz, boy bilim va tajribangiz, bunyodkorlik salohiyatingizga tayanamiz", – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan tabrik yoʻlladi va bir guruh faollarni mukofotladi

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston mahalla tizimi xodimlari va faollariga tabrik yoʻlladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Qadrli vatandoshlar!

Hurmatli mahalla tizimi xodimlari va faollari! Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda koʻp millatli butun xalqimizni mamlakatimizda keng nishonlanayotgan muhim sana – Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga oʻzimning hurmat-ehtiromimni bildiraman.

Milliy oʻzligimiz timsoli boʻlgan mahallalarimiz goʻzal va betakror vatanimizda tinchlik va ahillik, oʻzaro hurmat va hamjihatlik makoniga aylangani bilan albatta barchamiz faxrlanamiz. Oʻzini oʻzi boshqarishning noyob tizimi boʻlgan bu idoraning nufuzini oshirish, uni chinakam xalq vijdoniga aylantirish, huquq va vakolatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasida keyingi yillarda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu ishlar avvalo bandlikni taʼminlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, xotin-qizlar, yoshlar, nuroniy otaxon va onaxonlarimizga manzilli yordam koʻrsatish, fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish, kambagʻallikni qisqartirish hamda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar bilan uygʻun holda olib borilayotgani diqqatga sazovordir.

Ayniqsa, barcha soha va yoʻnalishlar boʻyicha “mahallabay” ishlash tizimi keng joriy etilib, mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat taʼsirchan tuzilma faoliyati yoʻlga qoʻyilgani ijobiy samara bermoqda.

Buning tasdigʻini mahallalarda tadbirkorlik rivojlanib, yangi ish oʻrinlari, doimiy daromad manbalari yaratilayotgani, barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhit mustahkamlanib, jinoyatchilik kamayib borayotgani misolida koʻrish mumkin. Birgina oʻtgan yilning oʻzida mahalla faollari koʻmagida yuz minglab ishsiz fuqarolarning bandligi taʼminlangani, 9 ming 400 dan ortiq mahallaning qariyb 3 mingtasi yoki 31 foizida jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmagani shundan dalolat beradi.

Mahallalarni obod qilish, ularning infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlarimiz mamlakatimiz qiyofasini tubdan oʻzgartirib, xalqimiz turmush darajasi va madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Bu haqda soʻz yuritganda, 2022 yilda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” hamda boshqa dasturlar doirasida byudjetdan ajratilgan qariyb 27 trillion soʻm mablagʻ hisobidan 4 mingta mahallada keng koʻlamli qurilish va obodonchilik ishlari amalga oshirilgani, yuzlab maktab, bogʻcha, tibbiyot maskanlari barpo etilgani va yangilangani, elektr energiyasi, ichimlik suvi, tabiiy gaz va issiqlik taʼminoti, yoʻl va transport tizimlari faoliyati yaxshilanganini taʼkidlash lozim. 2023 yil – “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da ushbu maqsadlar uchun yana 5 ming 800 ta mahallaga 30 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.

Eng muhimi, yurtdoshlarimizning ijtimoiy faolligi, oʻz mahallasi, el-yurtimiz taqdiri va kelajagiga daxldorlik hissi ortib bormoqda. Bu borada “Tashabbusli byudjet” dasturi joriy etilgani muhim rol oʻynamoqda. Ushbu dastur doirasida ilgari surilayotgan takliflar asosida aholi hayotiga taalluqli koʻpgina dolzarb masalalar oʻz vaqtida va samarali hal etilmoqda.

Aziz yurtdoshlar!

Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi rolini yanada oshirish bundan buyon ham eʼtiborimiz markazida boʻladi. Shu maqsadda mahalla fuqarolar yigʻiniga oʻzi joylashgan hududdagi xalq deputatlari mahalliy kengashlari sessiyalariga takliflar kiritish, kengash qarorlari loyihalarini ishlab chiqish va muhokama qilishda ishtirok etish huquqi berilmoqda. Shuningdek, aholi oʻrtasida eʼtirozlarga sabab boʻlayotgan ijtimoiy muammolarni aniqlash va hal etish uchun mahalla raisi tomonidan muhokamalar oʻtkazish, har oyda mahalla kengashida tegishli davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining axborotlarini eshitish amaliyoti yoʻlga qoʻyilib, “mahalla nazorati” va “mahalla raisi soʻrovi” institutlari joriy etiladi.

Bu yil tariximizda birinchi marta tajriba tariqasida har bir hududdagi bitta tumanda “mahalla byudjeti” tizimi oʻrnatilib, mol-mulk va yer soligʻining bir qismini mahallalarning oʻzida qoldirish koʻzda tutilmoqda. Bu esa mahallalarimiz hududidagi mavjud muammolarni bevosita ular tomonidan mustaqil hal etilishida muhim ahamiyatga ega. Ushbu tajribaning amaliy natijalariga qarab, kelgusida uni butun respublikamizda yoʻlga qoʻyish masalasini koʻrib chiqamiz. Bir soʻz bilan aytganda, mahallalarni fuqarolik jamiyatining tayanch ustuniga, chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirish uchun barcha chora-tadbirlarni koʻramiz.

Muhtaram doʻstlar!

Yurtimizda Navroʻz nafasi kezib yurgan mana shunday shukuhli kunlarda shahar va qishloqlarimiz, ovul va mahallalarimizda umumxalq hasharlari, ulkan obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida millionlab koʻchatlar ekilmoqda, yangi bogʻ va xiyobonlar barpo etilmoqda. Bugungi tinch, erkin va osuda hayotimizni qadrlash, mahallalarda, butun yurtimizda millatlararo doʻstlik va hamjihatlik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yolgʻiz keksalar, ehtiyojmand oilalar, bemor va nogiron insonlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ezgu va savob ishlar kuchaytirilmoqda.

Fursatdan foydalanib, ana shunday olijanob ishlarga bosh-qosh boʻlib kelayotgan jonkuyar mahalla oqsoqollari va faollariga, oʻzining fidokorona mehnati bilan el-yurtimiz ravnaqiga beqiyos hissa qoʻshayotgan barcha yurtdoshlarimizga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Biz mahallalarimizni yanada obod va farovon etishda bundan buyon ham sizlarning kuch-gʻayratingiz, boy bilim va tajribangiz, bunyodkorlik salohiyatingizga tayanamiz. Chunki, Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda biz uchun eng muhim va asosiy poydevor bu – xalq ovozi, xalq fikri ustuvor boʻlgan mahalladir.

Siz, azizlarni bugungi bayram bilan, yurtimizda davom etayotgan Navroʻz ayyomi hamda kirib kelayotgan muborak Ramazon oyi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Barchangizga mustahkam sogʻliq, xonadonlaringizga fayz-u baraka, serqirra va masʼuliyatli faoliyatingizda yutuq va omadlar tilayman”.

Shuningdek, mamlakatimizda oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini yangi bosqichga koʻtarish orqali fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan ezgu tamoyil asosida mahallaning oʻrni va nufuzini yuksaltirish, yurtimizda keng koʻlamli islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasidagi katta xizmatlari, xalqimiz orasida oʻzaro hamjihatlikni mustahkamlash, koʻp asrlik anʼanalarimizni asrab-avaylash, maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash hamda oilalarda sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, farzandlarimizni ona Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ishlariga qoʻshgan munosib hissasi uchun quyidagilar mukofotlansin:

«Mehnat shuhrati» ordeni bilan

Niyetullayev Tengelatdin Seydullayevich - Boʻzatov tumanidagi «Erkindaryo» ovul fuqarolar yigʻinining keksalar maslahat guruhi faoli, Qoraqalpogʻiston Respublikasi

Saidova Dilbar - Sharof Rashidov tumanidagi «Jizzaxlik» mahalla fuqarolar yigʻinining jamoatchilik kengashi faoli, Jizzax viloyati

Saydullayev Saydislom Xabibullayevich - Boʻka tumanidagi «Yoqutxon-Said» fermer xoʻjaligi boshligʻi, Toshkent viloyati

Sayfullayev Talip Vaxabovich - Yakkasaroy tumani mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻining maslahatchisi, Toshkent shahri

Shaymuratov Ibodulla Aqanovich - Bandixon tumanidagi «Qaldirgʻoch» mahalla fuqarolar yigʻini raisi, Surxondaryo viloyati

Shomurotov Tavakal Ergashevich - Marhamat tumanidagi «Boboxuroson» mahalla fuqarolar yigʻini raisi, Andijon viloyati

«Doʻstlik» ordeni bilan

Abdullayev Anvarxon Axmadxonovich - Kosonsoy tumanidagi «Ahmadxon hoji Kosoniy» fermer xoʻjaligi boshligʻi, Namangan viloyati

Ashirova Oysara Toirovna - Karmana tumanidagi «Doʻrman» mahalla fuqarolar yigʻinining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha kengashi faoli, Navoiy viloyati

Begmuratov Jumabay Nurgeldiyevich - Toʻrtkoʻl tumanidagi «Oqqamish» ovul fuqarolar yigʻini raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi

Boʻltakov Saydalim - Zafarobod tumanidagi «Lolazor» qishloq fuqarolar yigʻini raisi, Jizzax viloyati

Jalilov Shuxrat Umirzakovich - Sardoba tumanidagi «Qoʻrgʻontepa» mahalla fuqarolar yigʻini raisi, Sirdaryo viloyati

Isroilova Maxfuzaxon Numanovna - Xoʻjaobod tumanidagi «Sanoatchilar» mahalla fuqarolar yigʻini xotin-qizlar faoli, Andijon viloyati

Narziyeva Gulnora Abdullayevna - Qorovulbozor tumanidagi «Boʻzachi» mahalla fuqarolar yigʻini raisi, Buxoro viloyati

Odirov Nurillo Ziyadullayevich - Koson tumanidagi «Esaboy» mahalla fuqarolar yigʻini raisi, Qashqadaryo viloyati

Ramazanova Durdona Axmedovna - Yangibozor tumani ayollar maslahat kengashi raisi, «Oqila ayollar» harakati faoli, Xorazm viloyati

Ruziyeva Tatyana Viktorovna - Termiz shahridagi «Temur Termiz servis» professional boshqaruv kompaniyasi rahbari, Surxondaryo viloyati

Sayfullayev Shuhrat Hoshimovich - Qoʻshrabot tumanidagi «Sohibkor» mahalla fuqarolar yigʻini raisi, Samarqand viloyati

Yulbarsov Akramjon Astanakulovich - Fargʻona viloyati nuroniylar jamoatchilik kengashi faoli

II darajali «Sogʻlom avlod uchun» ordeni bilan

Almatova Uktam Abdullayevna - Sergeli tumanidagi «Birdamlik» mahalla fuqarolar yigʻini raisi, Toshkent shahri

Ziyayeva Zuxra Djabar qizi - Dangʻara tumanidagi «Arziktepa» mahalla fuqarolar yigʻini xotin-qizlar faoli, Fargʻona viloyati

II darajali «Salomatlik» ordeni bilan

Boboqulova Xolbeka Normuradovna - Chiroqchi tumanidagi «Oʻzbekiston» oilaviy shifokorlik punkti patronaj hamshirasi, Qashqadaryo viloyati

Sherimbetova Altinkul Serikbayevna - Tomdi tumanidagi «Qulimbet» oilaviy shifokorlik punkti katta hamshirasi, Navoiy viloyati

«Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan

Zaxidov Elyorbek Toxtasinovich - Jalaquduq tumani ichki ishlar boʻlimining jamoat xavfsizligi xizmati profilaktika katta inspektori, Andijon viloyati

Xudayberdiyev Jaxongir Abdullayevich - Quyi Chirchiq tumani ichki ishlar boʻlimining 1-ichki ishlar boʻlinmasi profilaktika katta inspektori, Toshkent viloyati

«Jasorat» medali bilan

Xakimov Azimjon Mamirdjonovich - Fargʻona tumani «Boʻston» mahalla fuqarolar yigʻinidagi poyabzal taʼmirlash ustasi, Fargʻona viloyati

Yusupov Ulugbek Dolmurotovich - Pastdargʻom tumani «Zangiboyi» mahalla fuqarolar yigʻinidagi elektr payvandlovchi, Samarqand viloyati

«Sogʻlom turmush» medali bilan

Allamuratova Sharafat Sharipovna - Jarqoʻrgʻon tumanidagi «Qoraburo» mahalla fuqarolar yigʻini xotin-qizlar faoli, Surxondaryo viloyati

Kulmirzayeva Melixol Uzakovna - Qarshi tumanidagi «Tallikuron» mahalla fuqarolar yigʻini xotin-qizlar faoli, Qashqadaryo viloyati

Yunusova Raxima Lutpitdinovna - Namangan shahridagi «Barkamol avlod» bolalar maktabi toʻgarak rahbari, Namangan viloyati

«Kelajak bunyodkori» medali bilan

Abdurasulov Joʻrabek Erkinovich - Olot tumani «Xalqobod» mahalla fuqarolar yigʻinidagi yoshlar yetakchisi, Buxoro viloyati

Qurbonov Ziyodulla Botirovich - Jomboy tumani «Katta qishloq» mahalla fuqarolar yigʻinidagi yoshlar yetakchisi, Samarqand viloyati

«Shuhrat» medali bilan

Abdimannopov Abdulxafiz Abduxoshimovich - Andijon tumani «Saddatagi» mahalla fuqarolar yigʻinidagi hokim yordamchisi, Andijon viloyati

Ataullayev Odiljon Kasimovich - Nurafshon shahri «Chigʻiriq» mahalla fuqarolar yigʻinidagi hokim yordamchisi, Toshkent viloyati

Joʻraboyev Xurshid Abduvaliyevich - Nurobod tumani «Jom» mahalla fuqarolar yigʻinidagi hokim yordamchisi, Samarqand viloyati

Imamov Sanjarali Tolkinovich - Chilonzor tumanidagi «Lazzatli taom ziravorlari» masʼuliyati cheklangan jamiyati bosh direktori, Toshkent shahri

Norboyev Oʻtkurbek Sohataliyevich - Pop tumanidagi «Sohibkor» mahalla fuqarolar yigʻini raisi, Namangan viloyati

Raximov Jamshid Orifjonovich - Mingbuloq tumani «Mustaqillik» mahalla fuqarolar yigʻinidagi yoshlar yetakchisi, Namangan viloyati

Raximova Nigara Atabekovna - Ellikqalʼa tumani «Qirqqizobod» mahalla fuqarolar yigʻinidagi kasb-hunarga oʻqitish markazi ishlab chiqarish taʼlimi ustasi, tikuvchi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi

Xolmatov Ibroximjon Uktamovich - Uchkoʻprik tumanidagi «Katta Qashqar» mahalla fuqarolar yigʻini raisi, Fargʻona viloyati

Xudayberganova Radxo Allaberganovna - Urganch tumani «Turkmanlar» mahalla fuqarolar yigʻinidagi yoshlar yetakchisi, Xorazm viloyati

Hamrayev Homidjon Bozorovich - Xovos tumanidagi «Xovosobod» mahalla fuqarolar yigʻinining jamoatchilik kengashi faoli, Sirdaryo viloyati

Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid