platina.uz
Jamiyat

Fuqarolarni Amerikaga yuborishni vaʼda qilgan firibgarlar ushlandi

Soʻnggi vaqtlarda fuqarolarni noqonuniy yoʻllar orqali Amerika Qoʻshma Shtatlariga yuborishga urinish holatlari tez-tez kuzatilayotgan boʻlib, unda qoʻshtirnoq ichidagi uddaburonlar jabrlanuvchilarning pullarini olib, yarim yoʻlda ularni taqdir izmiga tashlab ketayotganliklari ayni haqiqat. Va bu borada ommaviy axborot vositalarida aholini ogohlikka chaqiruvchi materiallar eʼlon qilinayotganligiga qaramasdan, joylarda fuqarolarni Amerikaga yuborishni vaʼda qilayotgan shaxslar uchrab turibdi.
Fuqarolarni Amerikaga yuborishni vaʼda qilgan firibgarlar ushlandi

Xususan, Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Samarqand shahrida yashovchi, 1980 y.t. shaxs oʻzganing ishonchiga kirib, 30 ming AQSh dollari evaziga tanishlari orqali uni Amerika Qoʻshma Shtatlariga yuborishini aytib, oldindan 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Boshqa bir holatda esa Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida yashovchi, 1996 y.t. shaxs Jizzax viloyatining Doʻstlik tumanida istiqomat qiluvchi, 1981 y.t. fuqaroning ishonchiga qirib, tanishlari yordamida uni Qoʻshma Shtatlarga yuborish evaziga 21 ming AQSh dollari talab qiladi.

DXX Jizzax viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda Gʻallaorol tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u 10 ming AQSh dollari va 100 mln. soʻm olgan vaqtida ushlandi.

Toshkent shahrida qayd etilgan holatda, nufuzli universitetlardan birining talabasi yuqori tashkilotda ishlovchi tanishlari orqali Jizzax viloyatining Mirzachoʻl tumanida yashovchi fuqaroni Amerikaga yuborish evaziga 20 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ushlandi.

Taʼkidlash lozimki, har uchchala holatda fuqarolarga “Oʻzbekiston – Turkiya – Yevropa – Meksika – AQSh” yoʻnalishida Qoʻshma Shtatlarga ishlash uchun yuborish vaʼda qilingan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid