Qoraqalpogʻiston qishloqlarini rivojlantirishga 200 mln. dollar ajratildi

Islom taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi monitoring missiyasi doirasida ITB delegatsiyasi rahbari Vaxyu Vijayantoning Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov, Iqtisodiyot va Moliya vazirligining Loyihani amalga oshirish guruhi va BMTTD vakillari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv davomida tomonlar Qoraqalpogʻistonning maqsadli hududlarida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasining borishi va loyiha tashabbuslarini amalga oshirishdagi muammolarni muhokama qildilar.
Mazkur loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad mahalliy aholining faol ishtiroki orqali qishloq hududlarini rivojlantirishdan iborat. Loyihani amalga oshirish uchun ITB jami 200 million dollar ajratdi.
MAʼLUMOT UChUN: Bugungi kunga qadar loyiha 113 ta Qishloqni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqdi. Ulardan 31 tasi Qoraqalpogʻistonning 5 ta tumanidagi 160 ta ijtimoiy infratuzilma obʼektlarini yaxshilashga qaratilgan.




