Oʻzbekiston ikki qoʻshnisi bilan «Qambarota GES-1» qurilishi boʻyicha muzokaralar oʻtkazdi

Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Qozogʻiston energetika vazirliklari «Qambarota GES-1» qurilishi boʻyicha muzokaralar oʻtkazdi. Bu haqda Oʻzbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri J. Mirzamahmudov va Suv xoʻjaligi vaziri Sh. Xamrayev, Qirgʻiz Respublikasi Energetika vaziri T. Ibrayev, Qozogʻiston Respublikasi Energetika vaziri oʻrinbosari J. Nurmaganbetov hamda tomonlardan bir qator tashkilotlarning rahbar xodimlari va mutaxassislari ishtirok etdi.
Yigʻilishda Qambarota GES-1 qurilishi loyihasi boʻyicha imzolangan “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish ishlarining borishi hamda hamkorlikning asosiy tamoyillariga oid hujjat loyihasi koʻrib chiqildi. Shuningdek, loyihani amalga oshirishga tayyorlashning asosiy bosqichlari kelishib olinib, bu borada navbatdagi yigʻilishni joriy yil mart oyining soʻnggi dekadasida oʻtkazishga kelishildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston va Qozogʻiston energetika tizimlari orqali Qirgʻiz Respublikasiga elektr energiyasi tranzitini amalga oshirish, qozoq va oʻzbek elektr energiyasini Qirgʻiz Respublikasiga yetkazib berish hamda Uchqoʻrgʻon GES orqali Oʻzbekiston va Qozogʻiston Respublikalari qishloq xoʻjaligi isteʼmolchilariga yozgi sugʻorish davri uchun suv chiqarish hajmlari kelishib olindi hamda navbatdagi uchrashuvni 2023-yilning oktabr oyida Ostona shahrida oʻtkazilishi belgilab olindi.