Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz qilib belgiladi

Iqtisodiyotda inflyatsiya darajasi oʻzining yuqori nuqtasiga chiqib, pasayish tendensiyasiga oʻtganligi kuzatila boshlagani, ayni paytda, qatʼiy tashqi moliyaviy sharoitlarning ichki iqtisodiy faollikka salbiy taʼsiri boʻyicha signallar paydo boʻlayotgani maʼlum qilindi.
Markaziy bank izohiga koʻra, asosiy stavkaning 1 foiz bandga pasaytirilishi oʻtgan yil mart oyida xatarlar uchun foiz stavkaning oshirish orqali qoʻyilgan qoʻshimcha yuklamani toʻliq olib tashlash imkonini beradi.
Bunda, yillik 14 foiz darajasidagi asosiy stavka inflyatsiya prognozining pasayuvchi dinamikasida (8,5-9,5 foiz) nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlar saqlanib qolinishini taʼminlaydi.
Joriy yilning yanvar-fevral oylarida yillik inflyatsiya koʻrsatkichi 12,2 foizgacha biroz pasaydi va kelgusi chorakda sezilarli pasayishi boʻyicha ishonch ortib bormoqda. Kuzatuvlarga koʻra, isteʼmol bozorlarida mart oyining dastlabki ikki haftasida asosiy
oziq-ovqat narxlari nisbatan muvozanatlashib, yanvar oyidagi oʻsishdan keyin pasayish dinamikaga oʻtganligi kuzatilmoqda.
Mavsumiy va maʼmuriy taʼsirga ega boʻlgan ayrim tovarlar va xizmatlar narxlarining oʻzgarishini inobatga olmasdan hisoblangan bazaviy inflyatsiya koʻrsatkichi oʻtgan yilning ikkinchi choragidan boshlangan oʻsib borish trendi joriy yil boshidan pasayish tendensiyasiga oʻzgarib, dekabrdagi 13,8 foizdan yanvarda
13,3 foizgacha va fevralda 13,2 foizgacha sekinlashdi.
Fevraldagi soʻrov natijalariga koʻra, kelgusi 12 oylik inflyatsion kutilmalarning yanvar natijalariga nisbatan sezilarli darajada pasayganligi kuzatildi, bu esa bazaviy inflyatsiya dinamikasi bilan birgalikda, kelgusi oylarda narxlarning barqarorlashishi uchun sharoitlarni yaratadi.
Tashqi iqtisodiy sharoitlarda maʼlum darajadagi xatarlar va noaniqliklar saqlanib qolmoqda. Fevral oyida global inflyatsiya, asosan, energetika va oziq-ovqat sektoridagi narxlarning pasayishi taʼsirida sekinlashishda davom etdi.
Jahon oziq-ovqat bozorlarida shakllanayotgan narxlar va kutilmalar, mamlakatimizga import qilinadigan tovarlar boʻyicha qulay sharoitlar yuzaga kelishiga asoslarni yaratmoqda. Bu, oʻz navbatida, oziq-ovqat guruhlarida import inflyatsiyasining oshiruvchi taʼsirlarini jilovlovchi omil boʻlib xizmat qiladi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, 2023 yilning yanvar-fevral oylarida ichki iqtisodiy sharoitlarda qisqa muddatli xatarlar taʼsiri qisman namoyon boʻldi. Yanvar oyi yakuni boʻyicha chakana savdo, sanoat ishlab chiqarish va qurilish ishlari oʻsish surʼatlarida sekinlashish kuzatildi.
Xizmat koʻrsatish sohasidagi oʻsish oʻtgan yilning mos davriga nisbatan sekinlashgani bilan, ushbu sohadagi oʻsish surʼatlari boshqa sohalardan yuqori boʻlmoqda. Xatarlarning vaqtinchalik xususiyati va oʻz vaqtida koʻrilgan choralarni hisobga olganda, birinchi yarim yillik yakuniga borib iqtisodiy faollikning muvozanatlashuvi va tarmoq koʻrsatkichlarining tiklanishi kutilmoqda.
Joriy yilning dastlabki oylarida monetar sharoitlar indeksi real samarali almashuv kursi va real foiz stavkalar dinamikasi hisobiga nisbatan qatʼiy fazada shakllandi.
Pul bozorida Uzonia stavkasi oʻzgarishlarsiz 14 foiz darajasida shakllanayotgan boʻlsa-da, operatsiyalar hajmining sezilarli darajada oshib borishi, banklar tomonidan qisqa muddatli resurslarning qayta taqsimlanishida ushbu bozorning ahamiyati oshib borayotganligini koʻrsatmoqda.
Ijobiy real foiz stavkalarining shakllanishi milliy valyutadagi muddatli depozitlarning oʻtgan yilning mos davriga nisbatan yuqori oʻsishiga xizmat qilmoqda. Joriy yilda milliy valyutada ajratilgan kreditlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan tezlashishi iqtisodiy faollik koʻrsatkichlarining tiklanishiga ijobiy turtki sifatida baholanmoqda.
Markaziy bank pul-kredit sharoitlarining iqtisodiyotdagi yalpi talab, narxlar va inflyatsion kutilmalarga taʼsirini baholashda davom etadi.
Kelgusi harakatlar inflyatsiya darajasi prognoz koridori doirasida shakllanishiga, oʻrta muddatli maqsadli koʻrsatkichga erishishga hamda iqtisodiy faollikni qoʻllab-quvvatlash oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlashga qaratiladi.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2023 yil 27 aprelga belgilangan.




