Kegeylidagi holat boshqa hududlarda takrorlanmasligiga kafolat bormi?

2023/2024 oʻquv yilidan boshlab respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bepul ovqat bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.
2021 yil 21 sentabrda esa prezident Shavkat Mirziyoyev topshirigʻiga koʻra, Qoraqalpogʻistonda 1-4-boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun bepul tushlik berish yoʻlga qoʻyilib, buning uchun byudjetdan yiliga 100 milliard soʻm ajratilishi aytilgan edi. Ushbu tashabbus ortidan Vazirlar Mahkamasining 472-sonli qarori imzolandi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Axborot xizmatining xabariga koʻra, ayrim maktablarda oʻquvchilarga sanitariya epidemiologiya boʻlimi xodimlari tomonidan chirib ketgan olma va qoʻngʻiz bosgan shirinlik kabi sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari berilgani aniqlangan edi. Biz mavzuga qaytdik va masʼullardan muhim savolga javob oldik: Kegeylidagi holat boshqa hududlarda takrorlanmasligiga kafolat bormi?
Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasining Sanitariya-gigiyena boshqarmasining boshligʻi, tibbiyot fanlari nomzodi Anvar ShUKUROVning qayd etishicha, avvalroq tarqalgan sifatsiz mahsulotlar, yaʼni chirigan olma va boshqalar bolalarga yetib bormagan. Oʻrganish jarayonida aniqlangan va oʻsha zahoti isteʼmoldan chiqarilgan.
“Oʻrganish jarayonida biz taʼminotchilar bilan ham uchrashdik va ularga ham tushuntirishlar berildi. Bolalarga bepul tushlik tadbiri birinchi marta tashkillashtirilyapti, uning nazorati olib borilyapti”, deydi masʼul.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Sogʻlom ovqatlantirishni tashkil etish va tibbiy xizmat koʻrsatishni muvofiqlashtirish boʻlimi mutaxassisi Shoira RAYIMBAYeVAning bergan maʼlumotiga koʻra, ayni paytda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatlarida 85 000 nafar boshlangʻich sinf oʻquvchilari bepul ovqatlantirib kelinmoqda. Yangi oʻquv yilidan boshlab esa butun respublika boʻyicha 2,5 mln. nafardan oshiq 1-4-sinf oʻquvchilarini ovqatlantirish rejalashtirilgan. Raqamlardan koʻrinadiki, butun respbulika boʻyicha bu amaliyotni amalga oshirish oson ish emas.
“Haqiqatda Qoraqalpogʻistonda bu amaliyotni joriy etilishida ayrim xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan. Aynan Kegeylidagi holatda esa sifatsiz mahsulotlar hali umumtaʼlim maktbalariga yetib bormaganini qayd etish kerak” deydi mutaxassis.
Endi nazorat qanday boʻladi?
Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasi masʼulining izohicha, bu jarayonda mahsulotlar meʼyori va sifatidan tortib uni yetkazib berishni tashkil etish holatlarigacha barchasi nazoratda. Shuningdek, bu jarayonda taʼminotchilarga ham, umumtaʼlim maktablariga ham bu borada amaliy yordam va tavsiyalar ham beriladi.
Yangi oʻquv yilidan butun respublikada bu amaliyot tatbiq etilishini inobatga olsak, aniqlangan holatlardan xulosa qilish lozim. Bolalarga foydali boʻlgan tajribalarni ishlab chiqar ekanmiz, bir chekkada oʻtmay qolgan mahsulotlarini oʻtkazish tajribalarini oʻylab qoʻyayotganlar borligini unutmaslik lozim. Axir besh qoʻl baravar emas.
Abbos IMOMOV