SSV bloger Farhod Mannopov vafot etgan klinika vaqtinchalik yopilganini maʼlum qildi

Sogʻliqni saqlash vazirligi bloger F.Mannopov vafoti yuzasidan “OMAD PLYUS” MChJga qarashli “StarMedSentr” klinikasida tekshiruvlar olib borilayotganini, shu sababli muassasa faoliyati vaqtincha toʻxtatilganini maʼlum qilgan edi.
Shundan soʻng ayrim internet nashrlarida mazkur xususiy klinika hali ham ishlayotgani, vazirlik esa jamoatchilikka notoʻgʻri axborot taqdim etgani yuzasidan xabarlar tarqaldi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi vakolatli organ sifatida tibbiy faoliyat uchun litsenziya berish jarayonini tashkil etishda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasida belgilangan prinsiplarga, xususan, fuqarolar hayoti va sogʻligʻini saqlashning, jamoat xavfsizligi va atrof-muhitni muhofaza qilishning ustuvorligiga amal qilgan holda litsenziatlar tomonidan litsenziya talablariga toʻliq muvofiqlik taʼminlanishini nazorat qiladi.
Shundan kelib chiqqan holda ayni paytda vazirlik tegishli organlar bilan birgalikda fuqaro F.Mannopov vafoti yuzasidan poytaxtimizdagi “StarMedSentr” klinikasida oʻrganish ishlarini olib bormoqda. Dastlabki tekshiruv maʼlumotlariga koʻra, mazkur tibbiyot muassasasida bir qator litsenziya talab va shartlariga nomuvofiqliklar aniqlangan.
Shu bois Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida yagona nizom”ning 40-bandiga asoslanib, vazirlikning joriy yil 11 martdagi 33-06795-sonli qarori bilan “OMAD PLYUS” MChJga 2021 yil 16 fevralda tibbiy faoliyat uchun berilgan 27390032-sonli litsenziya talablari va shartlari buzilganligi hamda kelgusida salbiy oqibatlar kelib chiqishining oldini olish maqsadida vaqtincha toʻxtatilgan.
Bu haqdagi maʼlumot esa vazirlikning 33-06793-sonli xati bilan shu yil 11 mart kuni mazkur klinikaning elektron shaxsiy kabineti va telefon raqamiga SMS orqali yuborilgan. Qolaversa, 13 mart kuni tegishli hujjatlar qogʻoz shaklida takroran klinikaning pochta va faoliyat manziliga joʻnatilgan.
Qolaversa, Adliya vazirligining mazkur reyesterida ham ushbu tashkilotning litsenziyasi toʻxtatilganligini koʻrish mumkin.
Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli qarori bilan “OMAD PLYUS” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga tegishli ushbu xususiy tibbiyot muassasasi 2023 yil 14 mart kunidan boshlab, 10 kun muddatga oʻz faoliyatini toʻxtatganini vazirlikka maʼlum qildi.