platina.uz
Jamiyat

Hokimlar tayinloviga cheklov qoʻyildi, ammo muddati aniq emas

Yangi Konstitutsiya bilan davlat hokimiyatining bir qator lavozimlariga nisbatan bir shaxs ketma-ket ikki muddatdan ortiq lavozimga saylanishi (tayinlanishi) taqiqlanyapti. Tasavvur qiling, hokimlarni xalq saylasa, hayot qanday boʻladi?
Hokimlar tayinloviga cheklov qoʻyildi, ammo muddati aniq emas

Yangi Konstitutsiya bilan davlat hokimiyatining bir qator lavozimlariga nisbatan bir shaxs ketma-ket ikki muddatdan ortiq lavozimga saylanishi (tayinlanishi) taqiqlanyapti.

Ular quyidagilar:

▪️prezident;
▪️Qonunchilik palatasi spikeri;
▪️Senat raisi;
▪️viloyat, tuman, shahar xalq deputatlari kengashining raisi;
▪️hokim;
▪️Oliy sud raisi va oʻrinbosari;
▪️Sudyalar oliy kengashi raisi va oʻrinbosari;
▪️Markaziy saylov komissiya raisi;
▪️bosh prokuror.

Bu yerda hokimlar qachon tayinlanib, qachon ishdan olinishi nomaʼlum. Ularning tayinlanish muddati haqida gapirmay turib, 2 marta koʻp lavozimda oʻtirmasligi haqida qoida kiritilyapti.

Hozir viloyat hokimlari davlat rahbari tomonidan tayinlanadi va ishdan boʻshatiladi. Tuman va shahar hokimlarini viloyat rahbarlari tayinlaydi va boʻshatadi. Boʻshatilgan amaldor koʻp holatda jinoiy ish ochilib, qamalib yo sazoyi boʻlib ishdan olinadi. Yaxshilikcha ketadigani barmoq bilan sanarli.

Nega shunday? Chunki hokimiyat qoʻlidaligini bilgan, anglagan odam koʻp narsa qilgisi kelib qoladi, yigʻib-terib, oʻmarib, uy-mashina olish qutqusida boʻladi. Sababi u qachon ishdan boʻshab ketishini bilmaydi.

Tayinlangan hokim nomiga xalqqa koʻrinish beradi, sayyor qabul oʻtkazib, vaʼdalar qiladi. Chunki u ham viloyat yo davlat rahbariga bu haqda hisob topshirishi kerak. Xalq dardiga quloq osayotgandek koʻrsatmasa, tagidagi kursisiga xavf tushadi. Nima oson — xalqni shirin vaʼdalarga ishontirish oson!

Tasavvur qiling, hokimlarni xalq saylasa, hayot qanday boʻladi? Avvalo saylangan odamga kamida 5 yil muddat beriladi va u shu vaqt ichida saylovda xalqqa bergan vaʼdalarini bajarib ulgurishi kerak. Chunki aholi unga shu vaʼdalari uchun ovoz bergan, saylagan.

Demak, saylanib boʻlgach, 5 yilgacha unga hech kim tegmaydi, ishdan boʻshatish yo boshqa xatarlar boʻlmaydi. Hokim bemalol oʻz ishini qilishi mumkin (mayli, orada yigʻib-tersin, uy-joy qilsin, lekin vaʼdasining ham ustidan chiqsin). Hozir faqat bittasini koʻryapmiz.

Agar xalqqa saylangan hokimning ishlari yoqsa, u ikkinchi muddatga yana saylanishi mumkin. Buni oʻsha rahbar ham juda yaxshi biladi va shunga qarab harakat qiladi. Koʻryapsizmi, bunda xalq va rahbar orasida chinakam (qogʻozda yo gapda emas) koʻprik paydo boʻladi.

Hozir koʻp eshitamiz, odamlar saylashga tayyor emas. Boʻlmagan gap, ochiq byudjetdagi natijalar xalq koʻp narsaga tayyorligini koʻrsatdi. Aslida bu oʻsha hokimlar yo rahbarlar oʻz kursisini oʻylab chiqargan gap xolos. Yaqqol misol, prezidentni xalq saylaydi-ku, hokim kim boʻlibdi?

Aksar rivojlangan davlatlarda hokimlar saylanadi. Solishtirishda qoʻshni Qozogʻistondan foydalanamiz. Qozoqlar tuman hokimlarini allaqachon saylaydi. Bu yildan viloyat hokimlarini ham saylamoqchi.

Oradagi farqni bildingizmi? Tayinlangan hokim faqat oʻzini oʻylaydi, saylangani esa xalqni ham (oʻzini ham balki) oʻylaydi, shirin yolgʻon vaʼdalar bilan qutulib, issiq xonasida, oynasi qora katta mashinasida oʻtirmaydi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid