Gulnora Karimovaning 240 mln dollarlik sirli boyligi oshkor boʻldi

Gulnora Karimova jinoiy yoʻl bilan oʻzlashtirgan mablagʻlari evaziga Buyuk Britaniyadan tortib Gonkonggacha uy-joy, villa va samolyot sotib olgani haqida yangi maʼlumotlar chiqdi.
Yangi maʼlumotlarga koʻra, Gulnora Karimova turli firmalar orqali Buyuk Britaniya, BAA, Shveysariya, Fransiya va Gongkongda jami qiymati 240 mln dollarlik kamida 14 ta koʻchmas mulk sotib olgan. Ular orasidan kvartiralardan tortib qasrlargacha bor.
London va uning atrofidagi 50 million funt qiymatdagi 5 ta mulk, Bukingem saroyi gʻarbiy tomonida va Belgraviyadagi kvartiralar, Meyfey va Surreydagi 18 million funtlik alohida koʻli bor uylar shular jumlasidan. Karimova qamalishidan oldin 2013 yilda Belgraviyadagi ikkita kvartira sotilgan. Qolgan koʻchmas mulklar esa 2017 yilda Britaniya hukumati tomonidan muzlatilgan.
Karimovaning eri Rustam Madumarov va uning sheriklari rasmiy hujjatlarda Virjiniya orollari, Gibraltar va Britaniyada joylashgan kompaniyalarning "benefitsiar egalari" sifatida qayd etilgan. 2010 yil iyul oyida SH Landes boshqa bir kompaniyani roʻyxatdan oʻtkazishga urinib, 40 million dollarga (33 million funt) shaxsiy samolyot sotib olgani aytiladi.
Gulnora Karimova Oʻzbekistondagi iqtisodiy jinoyatlari uchun 2015-2020 yillarda uch marta sudlangan. 2020 yil martida unga 13 yil-u 4 oy qamoq jazosi tayinlangan. Prokurorlar uni 12 mamlakat, jumladan, Buyuk Britaniya, Rossiya va Birlashgan Arab Amirliklaridagi 1 milliard dollardan ortiq mablagʻlarni nazorat qilgan jinoiy guruhning aʼzosi boʻlganlikda ayblagan.
2019 yil martda yashash joyidan chiqib ketmaslik, aloqa vositalaridan va Internetdan foydalanmaslik hamda zararni qoplash majburiyatlarini bajarmagani uchun yana koloniyaga qaytarilgan. 2019 yil avgustda esa unga nisbatan yangi ayblovlar qoʻyilgan.
2019 yil dekabrda Karimovaga respublika sanoat korxonalarida faoliyat yuritgan va juda koʻp miqdordagi jinoiy daromadlardan ulush berib kelgan yana bir uyushgan jinoiy guruh aniqlangan. Bosh prokuratura "buzgʻunchilik xarakteridagi harakatlari" uchun Karimovaning xorijiy advokati Greguar Manjaning Oʻzbekistonga kirishini taqiqlab qoʻygandi.
Avvalroq Adliya vazirligi Gulnora Karimova va u boshchiligidagi uyushgan guruhning Fransiya, AQSh, Latviya va boshqa mamlakatlardagi aktivlari qiymati 1,3 mlrd dollarni tashkil etishini maʼlum qilgandi.
Zahiriddin