platina.uz
Jamiyat

Toshkent, Jizzax va Andijonda noqonuniy yer sotmoqchi boʻlganlar ushlandi

DXX tezkor tadbir oʻtkazib, Toshkent viloyatida jami 420 gektar, Jizzaxda 50 gektar va Andijonda 144 kvadrat metr yerni noqonuniy sotmoqchi boʻlgan shaxslar qoʻlga olindi. Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkent, Jizzax va Andijonda noqonuniy yer sotmoqchi boʻlganlar ushlandi

DXX tomonidan yer maydonlarining noqonuniy savdosiga qarshi kurashish chora tadbirlari oʻtkazildi.

Jumladan, Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan MChJ rahbari hamda uning otasi, shuningdek, Qibray tumanidagi mahallalardan birining raisi oʻzaro kelishgan holda, Ohangaron tumanida joylashgan mazkur MChJga tegishli 270 gektar va unga tutash boʻlgan tuman hokimligi zaxirasidagi 150 gektar, jami 420 gektar yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 700 ming AQSh dollari talab qilishadi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda mazkur 3 nafar fuqaro soʻralgan puldan 100 ming AQSh dollarini oldindan olgan vaqtlarida ushlandi.

Jizzax viloyatining Forish tumanidagi qishloq xoʻjaligi maxsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan MChJ rahbari mazkur tumanda joylashgan boshqa 2 ta MChJga qarashli 50 gektar yer maydonini goʻyoki oʻziga tegishli ekanligini aytib, xaridorga 60 ming AQSh dollariga sotishni rejalashtiradi.

Shuningdek, ushbu 50 gektar yerdan 30 sotixini viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmasi mutaxassisi yordamida noturar joy sifatida rasmiylashtirib berish evaziga qoʻshimcha 4 ming AQSh dollari soʻraydi.

DXX Jizzax viloyati boʻyicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda MChJ rahbari hamda viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmasi mutaxassisi xaridordan 64 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida ushlandi.

Andijon viloyatida qayd etilgan holatda Oltinkoʻl tumanida yashovchi, 1991 y.t. fuqaro tuman hokimligi zaxirasida boʻlgan 144 kvadrat metr boʻsh yer maydonini aldov yoʻli bilan goʻyoki oʻziga tegishli ekanligini aytib, kadastr tizimida ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 38 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid